Myanma parlamenti onlayn firibgarlikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, skam-markazlarda majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun o‘lim jazosi qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.
Yangi qonunga ko‘ra, odamlarni onlayn firibgarlikka majburlash maqsadida zo‘ravonlik qilish, qiynoqqa solish va noqonuniy ushlab turish uchun 10 yildan umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo belgilangan. Agar jabrlanuvchilar vafot etsa, o‘lim jazosi qo‘llaniladi.
Ushbu qonun Myanmaning harbiy xuntaning sobiq rahbari Min Aun Xlayn boshchiligidagi yangi hukumati qabul qilgan birinchi qonunchilik hujjati bo‘ldi. Min Aun Xlayn 2021-yilda harbiy to‘ntarishga boshchilik qilgan, uning natijasida Aun San Su Chji boshchiligidagi saylangan hukumat ag‘darilgan va hozirgacha davom etayotgan fuqarolar urushi boshlangan edi.
Aprel oyida Min Aun Xlayn qat’iy cheklovlar sharoitida o‘tkazilgan saylovlardan so‘ng fuqaroviy prezident lavozimini egalladi. Yangi qonun hukumatning harbiy to‘ntarishdan keyingi xalqaro yakkalanishni yengib o‘tish uchun transmilliy xavfsizlik bilan bog‘liq muammolardan foydalanishga bo‘lgan urinishi sifatida baholanmoqda.
Biroq mamlakat hududlarining katta qismi hamon o‘zaro urush olib borayotgan qurolli guruhlar nazoratida qolayotgani sababli qonun ijrosini ta’minlash choralari cheklangan bo‘lishi mumkin, deb yozadi Bloomberg.
Myanma hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi oxiri holatiga mamlakatga noqonuniy kirib kelgan 14,7 ming nafar xorijlik ushlangan. Shuningdek, asosiy chegara hududlarida noqonuniy qimor o‘yinlari va firibgarlik operatsiyalari uchun foydalanilgan barcha 77 ta bino buzib tashlangani ma’lum qilingan.
Bloomberg qayd etishicha, pandemiya boshlanganidan buyon onlayn firibgarlik tarmoqlari Janubi-Sharqiy Osiyoda keng tarqalib, Myanma, Kambodja va Laosni butun dunyodagi jabrlanuvchilarni nishonga oluvchi transmilliy jinoiy sindikatlar markazlariga aylantirdi.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Avstraliya va Yangi Zelandiyada firibgarlik oqibatidagi yillik yo‘qotishlar 88,3 mlrd dollardan 114,1 mlrd dollargacha bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz