Xalqaro Jinoyat Sudini (XJS) boshqaruvchi organ — A'zo Davlatlar Assambleyasi Chad va Venesuelani suddan chiqish qarorlaridan voz kechishga chaqirdi. Gaaga shahrida chiqarilgan bayonotda tashkilot ikki davlatning harakatini "xavotir bilan" qayd etgan va ularni a'zolikda qolishga hamda noroziliklarini assambleya doirasidagi muloqot orqali hal qilishga undagan.
Bu chaqiriq sud 2002-yilda tashkil etilganidan beri eng jiddiy chiqish to'lqini fonida yuz bermoqda. O'tgan yildan beri besh davlat sudni tark etish niyatini e'lon qilgan. AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati esa tribunal vakolatlarini cheklash kampaniyasini olib bormoqda.
Chad 27-iyulda chiqishini e'lon qilib, sud faoliyatini notekis va Afrikaga nisbatan noxolis deb atadi. Qayd etilishicha, hozirda XJS hibsxonasidagi yetti gumonlanuvchidan oltitasi Afrika ishlari bilan bog'liq.
Venesuela uch kun avval shunga o'xshash pozitsiyani bildirgan. Tashqi ishlar vaziri Feliks Plasensia Birlashgan Millatlar Tashkilotida muvaqqat prezident Delsi Rodriges tomonidan qabul qilingan qaror "qat'iy va qaytarib bo'lmas" ekanini aytib, sudni Afrika va Lotin Amerikasiga nisbatan geografik tarafkashlikda ayblagan.
Ta'sis Rim statutiga ko'ra, chiqish rasman ro'yxatga olinishi uchun bir yil kerak bo'ladi va bu muddat davomida davlat a'zolik majburiyatlaridan ozod etilmaydi. Shuningdek, boshlangan ishlar to'xtatilmaydi. Bu esa XJSning Venesueladagi uzoq yillik tergovi davom etishini anglatadi.
Chad va Venesuelaga o'tgan yili chiqishni e'lon qilgan Burkina-Faso, Mali va Niger ham qo'shilmoqda. Bu chiqishlar Tramp ma'muriyatining XJSni "tizimli ravishda ishdan chiqarish"ga qaratilgan "butun hukumat" sa'y-harakatlari fonida ro'y bermoqda.
Oq uy va Davlat departamenti bunga sabab sifatida XJSning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga G'azodagi genotsid urushi bilan bog'liq harbiy jinoyatlar bo'yicha hibsga olish orderini hamda sudning Afg'onistondagi AQSh askarlari va razvedkachilari harakatlarini tergov qilishini keltirmoqda.
Chad hukumati qarori yuqori martabali amerikalik diplomatning a'zolikni qayta ko'rib chiqish haqidagi telefon qo'ng'irog'idan so'ng qabul qilinganini aytgan. Trampning o'zi esa kampaniya Netanyahuni himoya qilishga qaratilganini ta'kidlagan.
Bu bosim sud bosh prokurori Karim Xonning jinsiy zo'ravonlik ayblovlari bilan ishdan bo'shatilishi bilan bir vaqtga to'g'ri kelib, sudning barqarorligiga shubhalarni kuchaytirmoqda. Tahlilchilar sud kelajagi qolgan a'zolarning faolligiga bog'liqligini ta'kidlamoqda.
Source: www.aljazeera.com