Livan Bosh vaziri Navaf Salam Isroilning janubiy qishloqlarga uyushtirgan havo hujumlarini qoralab, tinch aholini nishonga olishni to‘xtatishga chaqirdi. Isroil harbiylari esa Hizbulloh infratuzilmasiga zarba berilganini ma’lum qildi.
Shanba kuni ertalab Livan janubida sodir bo‘lgan so‘nggi hujumlar kamida 11 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi sulh deyarli ikki oy oldin tuzilganidan beri eng qonli voqea hisoblanadi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ansar qishlog‘i chekkasiga berilgan zarbada yetti kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan. Halok bo‘lganlar orasida uch nafar bola va ikki ayol ham bor. Livan davlat axborot agentligi (NNA) xabariga ko‘ra, zarba tongda uylardan biriga berilgan va bino butunlay vayron qilingan.
Germaniyaning DPA agentligi mahalliy aholiga tayanib, bu mulk Hizbulloh uchun baza bo‘lib xizmat qilganini xabar qildi. Ikkinchi zarba Dayr az-Zahroniy qishlog‘iga berilgan bo‘lib, unda to‘rt kishi halok bo‘lib, 17 kishi yaralangan. Shuningdek, Nabatiya shahriga olib boruvchi strategik Ali Tohir tepaligi atrofida ham boshqa zarbalar berilgani qayd etilgan.
Isroil harbiylari Livan janubidagi Hizbulloh infratuzilmasiga zarba berilganini tasdiqlab, bu jangarilarning Isroil kuchlariga qilgan hujumiga javob ekanini bildirdi. Hizbulloh esa kechqurun bu hujumlarga “munosib javob” berilishini aytib, Isroilning “tajovuzlari va tahdidlari davom eta olmasligini” ta’kidladi.
Hizbulloh, shuningdek, Livan hukumatini Isroil bilan “kamsituvchi” muzokaralarni davom ettirmaslikka chaqirib, bu “dushmanga bepul yon berish” bo‘lishini bildirdi. Livan Bosh vaziri Navaf Salam X’dagi postida “Ansar shahridagi yetti shahid harbiy infratuzilma emas, o‘ldirilgan bolalar va ayollar harbiy nishon emas edi”, deb yozdi.
Isroil-Hizbulloh urushi mart oyi boshida, Eron urushi boshlanishi bilan qayta avj oldi. Hizbulloh Eron Oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi uchun qasos olish maqsadida shimoliy Isroilga hujum boshladi. Bu tezda to‘liq miqyosli mojaroga aylandi: Isroil qo‘shinlari Livan janubiga kirdi, aholi ommaviy evakuatsiya qilindi, 4300 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Isroil shimoliy Isroilni Hizbulloh hujumlaridan himoya qilish uchun Livan janubida “xavfsizlik zonasi” yaratganini da’vo qilmoqda. Livan ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, bu hudud taxminan 620 kvadrat kilometrni, ya’ni mamlakat umumiy maydonining 6 foizini tashkil qiladi.
Iyun oyi oxirida tinchlik bitimi e’lon qilinganidan beri Isroil va Hizbulloh bir-birini sulhni buzishda ayblab kelmoqda. Bitim Isroil kuchlarini Livan janubidan olib chiqishni, Hizbulloh esa qurolsizlanishni nazarda tutadi. Hizbulloh to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralardan bosh tortgan, bitimda ishtirok etmagan va qurolsizlanishni rad etgan.
Source: www.dw.com