Hindistonning sharqiy Bihar shtatidagi Ashok Dham ibodatxonasida yuz bergan tiqilinch oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi, yana bir qancha kishi jarohatlandi. Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, voqea Shravan oyining muborak dushanbasida, ziyoratchilar Shiva xudosiga suv taqdim etish uchun ibodatxonaga oqib kelgan paytda sodir bo‘ldi.
Lakhisarai tumani politsiyasi yuqori martabali xodimi Shivam Kumarning ANI agentligiga ma’lum qilishicha, voqea joyida elektr ustuni qulab, odamlar elektr toki urishi oqibatida halok bo‘lgan va bu tiqilinchga sabab bo‘lgan. U voqea sababini aniqlash uchun tekshiruv davom etayotganini, barcha holatlar o‘rganilgach aniq ma’lumot berilishini qo‘shimcha qilgan.
Lakhisarai tumani hokimi Shailendra Kumar esa tiqilinch sababini barrikadaning olomon bosimi ostida qulashi va odamlarning bir-biriga yiqilishi bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ertalab soat 6:30-6:45 atrofida ikki poyezdning kelishi olomonni yanada oshirgan. “Olomon misli ko‘rilmagan darajada ko‘paydi. Biz oldindan taxmin qilgan edik, ammo vaziyat nazoratdan chiqib ketdi”, degan u.
Bihar shtati bosh vaziri Samrat Choudhary jabrlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishni buyurganini ma’lum qilib, halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan. U X’dagi postida “Ibodatxonadagi halokat xabaridan yuragim ezildi. Marhumlarning oilalariga chuqur ta’ziya izhor etaman”, deb yozgan.
Bu voqea Hindistonda bir necha oy ichida ikkinchi yirik tiqilinchdir. Mart oyida Bihar shtatining Nalanda tumanidagi boshqa bir ibodatxonada sodir bo‘lgan tiqilinchda asosan ayollar bo‘lgan to‘qqiz kishi halok bo‘lgan edi. Ushbu hodisalar Hindistonda diniy bayramlar paytida olomonni boshqarish muammolarini yana bir bor yuzaga chiqarmoqda.
Source: www.dw.com