Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

26 avgust kuni Nepal va Tibet chegarasida yirik suv toshqinlari va sel oqimlari yuz berdi. Tabiiy ofat qurbonlari soni 500 ga yaqinlashmoqda, qutqaruvchilar esa yana bir falokatni kutmoqda.

Turli davlatlarning diplomatik missiyalari o'z fuqarolarini qidirmoqda. Xususan, Qozog'iston ofat zonasida bo'lgan ikki fuqarosini qidirmoqda. Rossiyaning Nepal'dagi elchixonasi sakkiz nafar Rossiya fuqarosi ofat zonasida bo'lishi mumkinligi va hozirgacha aloqaga chiqmaganligi haqida xabar berdi. Shu bilan birga, Xitoy bilan chegaradagi nazorat punktida toshqindan omon qolgan ikki rossiyalik ayolni evakuatsiya qilishga muvaffaq bo'lishdi.

Qidiruv-qutqaruv operatsiyasiga 5 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar va politsiya xodimlari jalb qilingan. Qutqaruv ishlari yangi suv va loy oqimlari xavfi hamda kutilayotgan yog'ingarchilik tufayli murakkablashmoqda. Bedarak yo'qolganlar orasida hindu va buddistlar uchun muqaddas bo'lgan Kaylash tog'i va Mansarovar ko'liga yo'l olgan ziyoratchilar ham bor.

O'zbekistonning Dehli'dagi elchixonasi (Nepalda ham akkreditatsiyadan o'tgan) ma'lumotiga ko'ra, hozircha O'zbekiston fuqarolari tabiiy ofat qurbonlari yoki jabrlanganlar orasida ekani haqida xabar kelib tushmagan. Diplomatlar vakolatli organlar bilan aloqada bo'lib, vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.

Source: www.uznews.uz