Nepal va Xitoy chegarasidagi Himoloy vodiylarida sodir bo‘lgan dahshatli sel oqimi oqibatida halok bo‘lganlar soni 470 dan oshdi. Favqulodda vaziyat tufayli qutqaruv ishlari vaqtincha to‘xtatildi, chunki sel natijasida hosil bo‘lgan “to‘siq ko‘l” to‘lib toshib, yana bir halokatli to‘lqin xavfini tug‘dirmoqda.
Xitoy davlat televideniyesi CCTV xabariga ko‘ra, xitoylik qutqaruvchilar va texnikalar xavfsiz hududga olib chiqilgan. Nepal armiyasi ofitseri ham qidiruv ishlari 90 daqiqaga to‘xtatilganini tasdiqladi. Chorshanba kuni muzlik qulashi natijasida paydo bo‘lgan sel oqimi daryo vodiylari bo‘ylab katta hajmdagi loy va qoldiqlarni olib o‘tib, “to‘siq ko‘l”ni hosil qilgan.
Nepalning Tibet bilan chegaradosh Rasuva tumanida aholi daryo sathining ko‘tarilishi xavfi tufayli tepaliklarga chiqib ketayotgani kuzatilmoqda. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, muzlik qulashi natijasida muz, suv, tosh va loydan iborat ulkan oqim butun qishloqlarni ko‘mib, yo‘llar, ko‘priklar va gidroelektr stansiyalarini vayron qilgan.
To‘siq ko‘lning hajmi juma kuni 2,5 million kub metrdan oshdi, bir kun oldin bu ko‘rsatkich 1,5-2 million kub metrni tashkil etgan edi. Xitoy muhandislari hududni aerofotosuratga olish va 3D modellashtirish ishlarini olib bormoqda. Nepal rasmiylari ko‘l qirg‘oqlari yuvila boshlagani haqida ogohlantirish oldi.
Rasuva tumani ma’muri Narendra Pariyarning aytishicha, daryodagi suv sathi ko‘tarilmoqda, ammo aniq balandlik hozircha noma’lum. Halok bo‘lganlar soni Nepalda 469 kishini tashkil etmoqda, yana 977 kishi bedarak yo‘qolgan. Tibetda esa kamida 5 kishi halok bo‘lgan, 558 kishi bedarak yo‘qolgan.
Nepal Tabiiy ofatlarni boshqarish markazi prezidenti Bishal Nat Upreti Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida, falokat zonasida qolganlar uchun sharoit “juda og‘ir” ekanini, vayron bo‘lgan yo‘llar tufayli ular butunlay uzilib qolganini aytdi. Hozirgacha vertolyotlar yordamida 800 kishi, quruqlik orqali 700 kishi qutqarilgan.
Qizil Xoch tashkiloti juma kuni 90 mingdan ortiq odam falokatdan jabr ko‘rganini, to‘siq ko‘l toshqini tufayli yordam yetkazib berish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Jamiyatlari Federatsiyasining Nepal bo‘yicha delegatsiya rahbari Devid Fisher ikkilamchi toshqin xavfi katta ekanini ta’kidladi.
Source: www.aljazeera.com