Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Avstriyada 86 yoshli alpinistga 60 yildan ko'proq vaqt oldin muzlik yorig'ida qoldirilgan ryukzagi va jihozlari qaytarildi. Bu haqda Podrobno.uz xabar bermoqda.

1963-yil avgust oyida alpinist Zulztalferner muzligi orqali o'tayotganda chuqur yoriqqa tushib qolgan. Uning sheriklari arqon bilan uni tortib olishga muvaffaq bo'lishgan, ammo og'irlikni yengillashtirish uchun ryukzakni yoriqqa tashlashga majbur bo'lgan.

O'tgan yillarda muzlik sezilarli darajada chekinib, erishi natijasida muz qatlamida uzoq vaqt saqlangan narsalar yuzaga chiqa boshlagan. Iyul oyida sayyohlardan biri muzlikda ryukzakni topib, politsiyaga topshirgan.

Politsiya saqlanib qolgan hujjatlar va boshqa buyumlar orqali egasini aniqlagan. Natijada topilma 86 yoshli erkakka qaytarilgan. Ryukzakda muzboltasi, kamera va boshqa shaxsiy buyumlar bo'lgan.

Alp tog'larida bunday topilmalar tez-tez uchramoqda, chunki iqlim o'zgarishi tufayli muzliklar jadal erimoqda. Muz qatlami ostida o'nlab yillar davomida yashiringan narsalar yuzaga chiqmoqda. Avvalroq turli hududlarda harbiy yodgorliklar, alpinist jihozlari va odam qoldiqlari topilgan.

Shuningdek, Gollandiya qirg'oqlarida Shimoliy dengiz suvi rekord darajada isib, 21,5 darajaga yetgani xabar qilingan. Bu 1984-yildan beri kuzatilgan eng yuqori ko'rsatkichdir. Gollandiya Qirollik meteorologiya boshqarmasi bu hodisani global iqlim o'zgarishi va barqaror quyoshli ob-havo bilan bog'lagan.

Source: podrobno.uz