Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shimoliy Kipr qirg'oqlari yaqinida yo'lovchi paromi cho'kib ketishi oqibatida kamida 8 kishi halok bo'ldi, yana 12 dan ortiq kishi bedarak yo'qolgan. Bu haqda o'zini o'zi mustaqil deb e'lon qilgan Turkiya Respublikasi Shimoliy Kipr (TRShK) bosh vaziri Unal Ustel ma'lum qildi.

Ustelning so'zlariga ko'ra, paromda 259 yo'lovchi va 8 ekipaj a'zosi bo'lgan. Kema Girne shahridan chiqib ketganidan so'ng suv ola boshlagan. Kema kapitani va yetti ekipaj a'zosi "fojia qanday sodir bo'lganini" aniqlash uchun tergov doirasida hibsga olingan.

Qutqaruv operatsiyasi hali ham davom etmoqda, unga Turkiya maxsus kuchlari ham jalb qilingan. Xususiy parom Girne kurort shahridan mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da jo'nab ketgan. Ustelning aytishicha, kema shanba kuni Turkiyaga jo'nab ketishi kerak edi, biroq ob-havo yomonligi sababli kechiktirilgan.

Ustel TRT telekanaliga bergan intervyusida kemani ikkita to'lqin urib yuborganini, birinchi to'lqindan so'ng kapitan tiklanishga urinayotganda ikkinchi to'lqin kelib, kema suv ola boshlaganini aytgan. Qutqaruv qayiqlari va vertolyotlari voqea joyiga yuborilgan, plyajda esa qutqarilgan yo'lovchilarni qabul qilish uchun tez yordam mashinalari navbatda turibdi.

Ustel ijtimoiy tarmoqlarda "hozirgi paytda eng muhimi inson hayoti" deb yozgan va fojia har tomonlama o'rganilishini, "hatto eng kichik beparvolik ham fosh etilishini" ta'kidlagan. "Aybdor yoki mas'ul bo'lgan har bir kishi, kim bo'lishidan qat'i nazar, jazosiz qolmaydi", - degan u.

TRShK transport vaziri Erhan Arikli mahalliy matbuotga 100 nafar yo'lovchi qirg'oqqa olib chiqilganini aytgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an turk kiprliklarga hamdardlik bildirib, bedarak yo'qolganlarga yetib borish harakatlari "to'xtovsiz davom etayotganini" ma'lum qilgan.

Filo Denizcilik kompaniyasi halokat yuzasidan chuqur qayg'u bildirgan. Yo'lovchilarning qarindoshlari uchun maxsus ishonch telefoni tashkil etilgan. Bortdagilarning fuqaroligi va jarohatlanganlar holati hozircha noma'lum. Mahalliy televideniye suvda ag'darilgan parom tasvirlarini ko'rsatgan, odamlar qutqaruv jiletlarida uning korpusida turishgan.

Source: www.bbc.co.uk