O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a'zolari ishtirokida muzokara o'tkazdi. Bu haqda O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi. Muzokaralarda O'zbekiston — Koreya alohida strategik sherikligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Koreya prezidenti O'zbekiston rahbarini samimiy qutlab, ushbu tashrif ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlik va o'zaro hurmat tamoyillari asosida rivojlanib kelayotgan munosabatlar tarixida muhim voqea ekanini qayd etdi. O'z navbatida, O'zbekiston yetakchisi Koreya Respublikasi o'tgan yillar davomida O'zbekistonning ishonchli do'sti va eng muhim iqtisodiy hamkorlaridan biriga aylanganini ta'kidladi. Bu borada tovar aylanmasi va investitsiyalar ko'rsatkichlari o'sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O'zbekistonda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi 700 dan ortiq qo'shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Eksimbanki va "EDCF" jamg'armasi bilan hamkorlik doirasida tibbiyot va sog'liqni saqlash, sanoat, AKT, qishloq va suv xo'jaligi, energetika, infratuzilma, ta'lim sohalarida o'nlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Muzokaralar davomida parlamentlar, vazirlik va idoralar, hudud rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar o'rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari Koreya bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishning beshta ustuvor yo'nalishini aytib o'tdi. Bular — savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalarida hamkorlikni rivojlantirish. Joriy tashrif yakunlari bo'yicha investitsiya portfeli ko'lami yanada kengayishi qayd etildi. Xususan, umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlangan. Koreya Eksimbanki bilan Strategik hamkorlik dasturi qabul qilingan.
Tomonlar Koreyaning ilg'or texnologiyalari hamda O'zbekistonning resurslar va sanoat borasidagi salohiyatiga asoslangan mustahkam innovatsion va texnologik alyansni shakllantirishga e'tibor qaratdilar. Alyans faoliyatini axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik sohalari hamda tibbiyot, sog'liqni saqlash va farmatsevtika sanoatida yuqori texnologiyali va raqamli yechimlarni joriy etish kabi ustuvor yo'nalishlarga qaratish taklif etildi. Harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, idoralararo aloqalarni kengaytirish, qo'shma tadbirlar tashkil etish va harbiy mutaxassislarni o'qitishga tayyorlik bildirildi.
Tashrif arafasida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlik tarixida ilk bor o'tkazilgan Hududlararo forum natijalari yuqori baholandi. Keyingi forumni Samarqand shahrida o'tkazishga kelishib olindi. Prezidentlar muzokaralar davomida ta'lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida urg'u berdilar. O'zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to'rtta filiali faoliyat yuritib, pedagogika, AT, muhandislik, raqamli texnologiyalar hamda zamonaviy iqtisodiyotning boshqa ustuvor yo'nalishlarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, O'zbekistonda KOICA ko'magida tashkil etilgan 5 ta kasb-hunarga o'qitish markazi samarali faoliyat yuritmoqda. Ushbu markazlar yoshlarimizga kelgusida qobiliyati va salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun o'z bilim va ko'nikmalarini oshirishiga keng imkoniyatlar taqdim etmoqda. Kadrlar tayyorlash bo'yicha amaliy tajriba almashishda ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari rektorlari forumi muhim o'rin tutishi alohida ta'kidlandi.
Munosabatlarni rivojlantirishda xalqlar o'rtasidagi o'zaro anglashuv va do'stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan madaniy almashinuv muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Davlat rahbari ko'p sonli koreys diasporasi O'zbekiston ko'p millatli oilasining ajralmas qismi hamda ikki mamlakat va xalq o'rtasidagi "ma'naviy ko'prik" ekanini ta'kidladi. Ushbu gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida 2027-yilni "Madaniyat va o'zaro almashinuvlar yili" deb e'lon qilish hamda qo'shma madaniy-gumanitar tadbirlarni o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi. Yakunda muhokama qilingan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyalari yaqinligi ham tasdiqlandi.
Source: www.gazeta.uz