Reuters va Times of Israel kabi xorijiy OAVlar, ismi oshkor etilmagan isroillik mulozim ma'lumotiga asoslanib, Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning o‘ldirilgani va jasadi topilgani haqida xabar bermoqda. Bu ma'lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Xomanaiyning halok bo‘lganiga oid "belgilar ko‘payib borayotganini" aytgandi. Xomanaiy Isroilning kecha boshlangan hujumlarida asosiy nishonlardan biri bo‘lgani xabar qilingandi, ammo keyinroq OAVlar uning tezkor shtabda jangovar harakatlarni boshqarayotganini bildirgan.
Eron Qizil yarim oy jamiyati bugungi hujumlar oqibatida 201 kishi halok bo‘lgani va 747 kishi jarohatlanganini ma'lum qildi. Isroil bu zarbalarni SAXAL tarixidagi eng yirik havo operatsiyasi deb e'lon qildi.
86 yoshli Ali Xomanaiy 1989-yildan beri Eronni boshqarib kelmoqda. Reutersning ta'kidlashicha, u Fors ko‘rfazidagi mintaqaviy kuchni barpo etdi va yadro texnologiyalarini rivojlantirdi. 2025-yil iyun oyida Isroil va AQSh zarbalari muhim yadro inshootlarini vayron qilgan.
Source: www.gazeta.uz