O‘zbekiston delegatsiyasi 6-fevral kuni Milandagi “San-Siro” stadionida bo‘lib o‘tgan Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi. Foto: MOQ.
Konkida uchuvchi Daniil Yeybog Milan-Kortina-2026 Olimpiadasida 1500 metr masofaga yugurishda 14-o‘rinni egalladi. Sportchi, shuningdek, 500 metr masofaga o‘tkazilgan chorak final bahslarida ham ishtirok etdi. Foto: MOQ.
18-fevral kuni O‘zbekiston masjidlarida Ramazon oyi davomida ado etiladigan taroveh namozlarini o‘qish boshlandi. Foto: Shohrux Haydarov / Gazeta
Xorazm viloyatidagi 11-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining 4-sinf o‘quvchisi Otamurod Rayimboyev prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida qo‘shiq kuylab berdi va sovg‘a sifatida avtomobil oldi. Foto: Minbar ortida / Telegram.
O‘zbekistonda 1989-yildan beri ilk bor o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni yakunlandi. Fevral oyida u yuzma-yuz shaklda olib borildi. Gazeta muxbiri Jizzax viloyatining chekka hududida bo‘lib, aholi ushbu kampaniya bilan qanday umidlarni bog‘layotgani haqida reportaj tayyorladi. Foto: Otabek Turdiyev / Gazeta
Toshkentda katta ko‘chalarning o‘rtasiga yana temir panjaralar o‘rnatish boshlandi. 2017−2018-yillarda shahar hokimiyati va YHXB panjaralar ko‘rinishni cheklashi sababli ham haydovchilarga, ham piyodalarga xalaqit berishini rasman tan olgan edi. Foto: Yevgeniy Sorochin /Gazeta.
Oy yakunida Toshkent markazida 33 yoshli YPX inspektorining o‘limiga sabab bo‘lgan YTH sodir bo‘ldi. BMW M4 rulida 16 yoshli o‘smir bo‘lgan. Avtomobil hisobida o‘nlab qoidabuzarlik qayd etilgan. Foto ijtimoiy tarmoqlardan.
Toshkentda 16 yoshli o‘smir BMW M4 rulida urib yuborishi oqibatida halok bo‘lgan YPX inspektori, kichik serjant Hosilbek Eshnazarov bilan uning tug‘ilgan joyi — Qashqadaryo viloyatida xayrlashildi. Foto: IIV JXD matbuot xizmati.
BBC News O‘zbekiston tog‘larida suratga olingan Adventures in Conservation (Tabiatni muhofaza qilishdagi sarguzashtlar) dasturining maxsus sonini taqdim etdi. Suratga olish guruhi Hisor qo‘riqxonasi reynjerlari bilan birgalikda qor qoplonini qidirdi. Foto: BBC.
Davomli yog‘ingarchilik va bulutli kunlarga qaramay, oyning oxiriga kelib havo ilidi va poytaxtning ayrim tumanlarida daraxtlar gulladi. Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta.
Source: www.gazeta.uz