Janubiy Afrikaning Gauteng provinsiyasidagi tavernada sodir bo‘lgan otishma oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘ldi va yana 15 kishi yaralandi. Bu haqda mahalliy politsiya xizmati xabar berdi.
Favqulodda tibbiy yordam xizmati barcha 17 qurbonni voqea joyida o‘lgan deb e’lon qildi. Voqea Yoxannesburgdan janubi-g‘arbda joylashgan Vedela shaharchasida sodir bo‘ldi. Politsiya xabariga ko‘ra, otishma sabablari hozircha noma’lum.
Politsiya sakkiz nafar gumondorni qidirmoqda. Ular "AK-47 avtomatlari va to‘pponchalar bilan qurollangan" bo‘lgani aytilmoqda. Hozircha hech kim hibsga olinmagan.
Janubiy Afrikada so‘nggi yillarda qurolli hujumlar va otishmalar soni ortib bormoqda. Mahalliy hukumat bu holatni jinoiy guruhlar faolligi bilan bog‘laydi, biroq ko‘plab savollar javobsiz qolmoqda.
Source: www.aljazeera.com