Janubiy Afrika politsiyasi Yoxannesburg janubi-g‘arbidagi tavernada 17 kishining jasadi topilgani va Keyptaun yaqinidagi boshqa bir tavernada 10 kishi otib o‘ldirilgani yuzasidan gumondorlarni qidirmoqda. Bir kechada Gauxeng va G‘arbiy Keyp provinsiyalarida sodir bo‘lgan bu ikki voqeada jami 27 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Gauxeng politsiyasining ma’lum qilishicha, birinchi hodisa shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:30 atrofida Yoxannesburg g‘arbidagi Vedela shaharchasidagi barda yuz bergan. Qurol-yarog‘ bilan qurollangan sakkiz nafar noma’lum shaxs borga bostirib kirib, avtomatik qurollardan o‘t ochgan. Natijada 13 erkak va 4 ayol voqea joyida halok bo‘lgan, yana 15 kishi turli darajada jarohatlangan.
Janubiy Afrika Politsiya Xizmati (SAPS) xabariga ko‘ra, hujumchilar avval mijozlarni tintuv qilib, ularning mobil telefonlarini tortib olgan, so‘ngra ikkita noma’lum avtomashinada voqea joyidan qochib ketgan. Politsiya hozirda sakkiz nafar gumondorni qidirmoqda. Tergovchilarning ta’kidlashicha, hujumchilar AK-47 avtomatlari va to‘pponchalardan foydalangan, ammo jinoyat sababi hozircha noma’lum.
Ikkinchi voqea G‘arbiy Keyp provinsiyasidagi Lvandl shaharchasidagi ko‘ngilochar maskanda sodir bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan soat 01:46 da boshlangan otishmada 10 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan. Besh kishi voqea joyida, yana besh kishi kasalxonaga yetkazilgach vafot etgan. Politsiya hozircha hech kimni hibsga olmagan, ammo og‘ir va zo‘ravon jinoyatlar bo‘yicha tergovchilardan iborat ko‘p tarmoqli guruh tuzilgan.
Bu fojiali voqealar Kvazulu-Natal provinsiyasidagi uyda kamida 11 kishining otib o‘ldirilganidan bir necha kun o‘tib yuz berdi. O‘sha otishma Durban shahridan 30 kilometr janubda joylashgan Kvamaxuta shaharchasida sodir bo‘lgan edi. Janubiy Afrika zo‘ravon jinoyatchilik va dunyodagi eng yuqori qotillik darajasiga ega mamlakatlardan biri bo‘lib, har kuni 60 ga yaqin kishi zo‘ravonlik natijasida halok bo‘ladi.
DW muxbiri Tsuso Xumalo Vedela shaharchasidagi voqea joyida bo‘lib, aholi o‘rtasida qattiq shok va xavotir hukm surganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya bu hujumni jinoiy guruhlar o‘rtasidagi qasos olish harakati deb gumon qilmoqda. Qurbonlardan biri avvalroq razvedka ma’lumotlarida bo‘lgan va tergov qilinayotgan shaxs bo‘lgan. Vedela noqonuniy konchilikga qarshi xavfsizlik choralari kuchaytirilgan hududda joylashgan.
Gauxeng provinsiyasi politsiya komissari o‘rinbosari general-mayor Fred Kekana jinoiy to‘dalarning bunday harakatlarini qat’iy qoraladi: «Jinoyatchilar buni moda deb o‘ylashmoqda. Ular bizni bunga o‘rganib qolishimizni xohlashadi, ammo bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi». Janubiy Afrika hukumati mart oyida jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun politsiyaga ko‘maklashish maqsadida qo‘shinlarni xavfli hududlarga joylashtirgan edi. Prezident Kiril Ramafosa jinoyatchilikni mamlakat oldidagi eng katta muammolardan biri deb atagan.
Source: www.dw.com