Kongo Demokratik Respublikasining (KDR) sharqiy qismidagi Kivu ko‘lida baliq savdosi bilan shug‘ullanuvchi kema cho‘kib ketdi. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar soni kamida 12 kishini tashkil etgan, o‘nlab kishilar esa hali ham bedarak yo‘qolgan.
Kema shanba kuni kechqurun Janubiy Kivu provinsiyasidagi Idjvi oroli yaqinida 50 dan ortiq kishini olib ketayotgan edi, deya ma’lum qildi voqea joyiga yaqin Kisheke qishlog‘i rahbari Feliks Xabiragi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halokat sababi hozircha noma’lum va taxminan 15 kishi qutqarib olingan.
Kema Idjvi orolidagi Bvina shahridan Bozaga baliq savdogarlari va yuklarni olib ketayotgan edi, deya qo‘shimcha qildi mahalliy ma’muriyat rahbari Muxindo Ntambuka Paskal. Voqea joyidan olingan videolarda qishloq aholisi va boshqa yo‘lovchilar ko‘ldan jasadlarni chiqarayotgani ko‘rinadi.
KDRda kema halokatlari tez-tez uchrab turadi, chunki daryolar va ko‘llar 100 milliondan ortiq aholi uchun asosiy transport vositasi hisoblanadi. Kemalar ko‘pincha yuk va yo‘lovchilar bilan haddan tashqari to‘ldiriladi, ko‘pchilik esa qutqaruv kamzuli bo‘lmasdan sayohat qiladi.
“Rasmiylar, xususan, yo‘lovchilarga qutqaruv kamzuli kiyishni talab qila boshlagan edi. Ammo bugungi kunda ham ko‘pchilik ularsiz sayohat qilmoqda”, — dedi Idjvidagi fuqarolik jamiyati a’zosi Dorselle Bagazane.
Shu hafta boshida KDRda Tanganyika ko‘lida kema ag‘darilib, kamida 41 kishi halok bo‘lgan va 49 kishi qutqarilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kema Kongoning Mapera qishlog‘i yaqinida cho‘kib ketganida taxminan 100 kishi va yuk bo‘lgan.
Source: www.aljazeera.com