Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Malayziya Myanmaga 1500 ga yaqin rohinja qochqinini qaytarishni boshladi. Rasmiylar bu qaytishni ixtiyoriy deb atamoqda, biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti va huquq himoyachilari Myanmada ular uchun xavfsiz sharoit yo‘qligidan ogohlantirmoqda.

Seshanba kuni AFP axborot agentligining xabariga ko‘ra, Malayziyaning shimoli-g‘arbidagi Lumut harbiy-dengiz bazasi yaqinidagi stadionga politsiya kuzatuvi ostida o‘nlab avtobuslar yetib kelgan. Jurnalistlarning hududga kirishiga ruxsat berilmagan. Yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tkazilib, so‘ngra bazaga olib borilib, kema orqali Myanmaga jo‘natilishi kutilgan.

Myanma armiyasi rohinja ozchiligiga qarshi bir necha bor qatag‘on o‘tkazgan, jumladan 2017-yildagi zo‘ravonlik to‘lqini ko‘plab huquq guruhlari tomonidan genotsid deb baholangan va yuz minglab rohinjalar Bangladesh, Malayziya, Hindiston va boshqa qo‘shni davlatlarga qochib ketishiga sabab bo‘lgan. Myanma rohinjalarni mahalliy ildizga ega etnik jamoa sifatida rasman tan olmaydi, ularni “bengallar” deb ataydi.

2026-yil fevral holatiga ko‘ra, Malayziyada 126 144 dan ortiq rohinja qochqin bo‘lgan. Bangladeshda eng ko‘p rohinja qochqin — 1,2 milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi.

Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim iyul oyida Myanma 5000 rohinjani qaytarishga rozi bo‘lganini aytgan edi. Seshanba kuni qaytarilgan 1500 kishi shu guruhning bir qismidir. Ichki ishlar vazirligi Myanmaning ikkita harbiy-dengiz kemasi va bitta kasalxona kemasidan foydalanilishini ma’lum qilgan.

BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi (UNHCR) operatsiyada ishtirok etmasligini bildirib, Myanmadagi davom etayotgan mojaro va zo‘ravonlik xavfsiz va munosib qaytish uchun sharoit yaratmasligidan ogohlantirdi. “Har qanday qochqinning qaytishi ixtiyoriy, ongli qarorga asoslangan va xavfsizlik hamda qadr-qimmat sharoitida amalga oshirilishi kerak”, deyiladi tashkilotning Reuters agentligiga bergan bayonotida.

Malayziya Ichki ishlar vazirligi bu ogohlantirishga izoh berishdan bosh tortib, avvalgi qaytishlar ixtiyoriy ekanligi haqidagi bayonotiga havola qildi.

Huquq himoyachilari qamoqxonalarda saqlanayotgan odamlar o‘zlari qochib ketgan davlatga qaytishni erkin tanlay olishiga shubha qilmoqda.

“Genotsid hech qachon to‘xtamagan. Rohinjalarni bu yerga qaytarish — repatriatsiya emas”, — dedi Al Jazeeraga rohinjalar manfaatlarini himoya qiluvchi Arakan Rohinja Milliy Kengashi (ARNC) hamraisi Nay San Lvin. “Bu odamlarni o‘lim maydoniga qaytarishdir. Biz Malayziyani Myanma xavfsiz bo‘lmaguncha rohinjalarni qaytarishni to‘xtatishga chaqiramiz”.

Uning ta’kidlashicha, Malayziyaning qochqinlarni Myanmaga qaytarish qarori armiya va isyonchi guruhlar, jumladan Arakan armiyasi o‘rtasida shiddatli janglar davom etayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan. “Myanma harbiylari rohinjalarning vatanining katta qismini nazoratdan chiqarib yuborgan va Arakan armiyasi bilan janglari davom etmoqda, rohinjalar o‘rtada qolgan. Harbiylar ham, Arakan armiyasi ham rohinjalarga qarshi vahshiylik qilmoqda”, — deydi u.

Shu bilan birga, “Chegara bilmas shifokorlar” (MSF) tashkiloti Malayziyani qaytarishlarni to‘xtatishga va kim qaytarilayotgani hamda har bir shaxs qanday xavf-xatarlarga duch kelishini oshkor qilishga chaqirdi. “Qochqinlar o‘zlari qochib ketgan va hayoti xavf ostida bo‘lgan joylarga qaytarilmasligi kerak”, — deyiladi tashkilot bayonotida.

160 dan ortiq fuqarolik jamiyati tashkilotlari ham zo‘ravonlik va rohinjalarning qurolli guruhlarga majburan safarbar etilishi xavfini tilga olib, repatriatsiyani to‘xtatishga chaqirdi. Ularning ogohlantirishi Myanma armiyasi ko‘plab rohinjalar qochib ketgan Rakhin shtatida Arakan armiyasiga qarshi jang olib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keladi.

Myanma hukumati rohinjalarning “xavfsiz va munosib” qaytishini va’da qilmoqda. Malayziya Aloqa vaziri Fahmi Fadzil esa mamlakat odamlarni ta’qib yoki hayotiga tahdid mavjud bo‘lsa qaytarmasligini aytgan.

Allaqachon qaytib ketgan rohinjalar uchun savol — ularni yetib borgach nima kutayotgani. 25 yoshli Ismoil AFP agentligiga Malayziyadagi baliq bozoridagi ishini hibsga olishlar va rohinjalarga nisbatan dushmanlik kuchaygani sababli tashlab ketganini aytdi. Hozir Yangonda ishsiz, qarindoshlariga tayanadi va hanuz to‘liq fuqarolikka ega emas. “Biz eng ko‘p kamsitilgan xalqmiz”, — deydi u. Rakhinda Muhammad ismli rohinja faoli qaytganlar hali ham janglar va kasalliklar davom etayotgan hududdagi ko‘chirish lagerlariga yuborilishi mumkinligidan qo‘rqadi.

Qaytarishlar Malayziyada rohinjalarga nisbatan bosim kuchayib borayotgan bir sharoitda amalga oshirilmoqda. Iyul oyida rasmiylar Kuala-Lumpurdagi UNHCR idorasi oldida to‘plangan 100 dan ortiq odamni Penangdagi norasmiy turar-joydan chiqarib yuborilgach hibsga olgan edi. Keyinchalik ular BMT hujjatlariga ega ekani tasdiqlangach qo‘yib yuborilgan, deb xabar berdi AFP. Malayziya 1951-yilgi Qochqinlar to‘g‘risidagi konventsiyaga a’zo emas va qochqin maqomini rasman tan olmaydi.

Anvar 2017-yildagi qatag‘on paytida harbiylarni boshqargan Myanma Bosh generali Min Aung Hlaynni qaytishlarni tezlashtirish uchun Malayziyaga taklif qilish niyatida ekanini aytgan.

Source: www.aljazeera.com