Indoneziya poytaxti Jakarta yaqinidagi Cibinong qamoqxonasida mahbuslar uchun hashamatli kvartiralar qurilgani aniqlandi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, qamoqxona ma’muriyati tomonidan yaratilgan bu sharoitlar oddiy mahbuslar uchun mo‘ljallanmagan. Immigratsiya va axloq tuzatish vazirligi inspeksiya bosh inspektori Rudi Setiavanning ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan besh nafar mas’ul amaldor, jumladan, Cibinong qamoqxonasi boshlig‘i ham ishdan chetlashtirilgan.
Hashamatli turar-joylar 23-sentabr kuni Indoneziya Ombudsman tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan kutilmagan tekshiruv paytida topilgan. Ular oddiy kameralardan alohida joylashgan bo‘lib, 10 dan ortiq xonadonni tashkil etgan. Tekshiruvchilar bu yerda konditsionerlar, katta ekranli televizorlar, muzlatgichlar, divanlar va ovqatlanish zonalari borligini qayd etishgan. Shuningdek, sport zali, qurilayotgan golf simulyatori va hashamatli avtomobillar ham topilgan.
Ombudsman a’zosi Syafrida Rachmavati Rasahanning so‘zlariga ko‘ra, ayrim mahbuslar oddiy mahkumlar uchun mavjud bo‘lmagan maxsus imtiyozlardan foydalanganliklari haqida kuchli dalillar mavjud. “Biz turar-joy majmuasida mahbuslarni uchratdik va qamoqxona binolari emas, balki mehmonxona, kvartira va villalarga o‘xshash inshootlarni topdik”, — degan u matbuot anjumanida.
Dastlab bu binolar qamoqxona xodimlari uchun rasmiy turar-joy sifatida qurilgan bo‘lib, tekshiruvchilar ular mahbuslar uchun ruxsatsiz turar-joyga aylantirilganligini o‘rganmoqda. Voqea Indoneziya qamoqxonalarida uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan korrupsiya va boy yoki aloqador mahbuslarga imtiyozlar berish muammosini yana bir bor kun tartibiga qo‘ydi. Cibinong qamoqxonasi 4 gektar maydonni egallab, unda korrupsiyada ayblangan shaxslar va boshqa yuqori martabali mahbuslar ham saqlanadi. Ularning kimligi rasman oshkor etilmagan.
Qonunchilar, korrupsiyaga qarshi kurashuvchilar va kuzatuvchi guruhlar hukumatni qaysi mahbuslar bu imtiyozlardan foydalanganligi va qamoqxona amaldorlari pora olganmi yoki yo‘qligini aniqlashga chaqirmoqda. Bu holat Indoneziya axloq tuzatish tizimidagi navbatdagi janjal bo‘lib, tizim ko‘p yillardan beri to‘lib ketish, korrupsiya va boy mahbuslarning imtiyozli sharoitlarga ega bo‘lishi kabi muammolarga duch kelmoqda. 2010-yilda o‘tkazilgan tekshiruv ham ba’zi mahbuslar qamoqda hashamatli hayot kechirishini aniqlagan edi.
Source: www.aljazeera.com