Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Quddusning Lotin patriarxi kardinal Pyerbattista Pitstsaballa Isroil rejimining G‘azo shahriga bergan navbatdagi havo zarbasi oqibatida ikki nafar falastinlik nasroniy ayol fojiali tarzda halok bo‘lgani munosabati bilan chuqur qayg‘u izhor qildi. Shanba kuni Rimal mahallasidagi turar-joy binosining birinchi qavatiga uyushtirilgan mazkur hujum oqibatida jami besh nafar tinch aholi vakili qurbon bo‘ldi. Bu hodisa AQSh rejimi vositachiligida kelishilgani aytilgan va amalda deyarli ishlamayotgan “sulh” bitimining navbatdagi qonli poymoli bo‘ldi.

Qurbon bo‘lgan Maysa Abu Dovud va uning qizi Meri an-Najjor G‘azo shahridagi kichik nasroniy jamoasining faol a’zolari bo‘lib, Muqaddas Oila cherkovida boshpana topgan qochqinlar hamda muhtojlarga yordam berish bilan shug‘ullanib kelishgan. Ularning dafn marosimi qadimiy Avliyo Porfiriy cherkovida o‘tkazildi. Falastin Cherkov ishlari bo‘yicha Oliy prezidentlik qo‘mitasi raisi Ramzi Xuriy ushbu qotillikni oila, cherkov va butun jamoat uchun o‘ta og‘ir va tuzalmas yo‘qotish deb baholadi.

Marhuma Merining 14 yoshli o‘g‘li Fuad an-Najjor zarba tunda, odamlar uxlab yotgan taxminan soat 01:30 da berilganini ma’lum qildi. Yosh o‘smir Isroil rejimining vayronkor siyosatini to‘xtatishga chaqirib, falastinliklar har kuni o‘z yaqinlaridan ayrilayotganini va bu cheksiz urushdan butunlay toliqqanini ta’kidladi. Shu bilan birga, falastinlik lyuteran ruhoniysi Munter Isaak ham xalqaro hamjamiyat e’tiborsizligi fonida G‘azodagi genotsid hamon davom etayotganini bayon qildi.

Urushgacha bo‘lgan davrda ham soni 1000 nafarga yetmagan G‘azodagi qadimiy nasroniy jamoasi Isroil rejimining to‘xtovsiz hujumlari oqibatida qirilib ketish xavfi ostida qolmoqda. Avvalroq, 2023-yil oktabrida Avliyo Porfiriy majmuasiga uyushtirilgan hujumda 18 kishi nobud bo‘lgan, shuningdek, ibodatxona hududlarida tinch aholi snayperlar nishoniga aylangani xabar qilingan edi. G‘azo sog‘liqni saqlash idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil rejimining agressiyasi boshlanganidan beri 74 mingdan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan “sulh” davrida ham qurbonlar soni oshib bormoqda.

Source: www.aljazeera.com