Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ispaniyaning qator yirik shaharlarida o‘n minglab fuqarolar uy-joy inqirozining keskinlashuvi va narxlarning misli ko‘rilmagan darajada oshib ketishiga qarshi ommaviy namoyishlarga chiqdi. Parlamentdagi konservativ kuchlar bosh vazir Pedro Sanches boshchiligidagi so‘l koalitsiya rejimi tomonidan taklif etilgan ikkita inqirozga qarshi dekretni rad etganidan so‘ng vaziyat yanada izdan chiqdi. Ispaniya rejimi tomonidan ilgari surilgan mazkur qonun loyihalari aholi ijarachilarining huquqlarini go‘yoki himoya qilishga qaratilgan deb da’vo qilingan bo‘lsa-da, qonunchilar buni samarasiz populist tashabbus deb baholadilar.

Madridda 87 yoshli nafaqaxo‘r Mariya del Karmen Abaskalning o‘z xonadonidan zo‘ravonlik bilan ko‘chirilishi xalq g‘azabini alangalatuvchi asosiy omil bo‘ldi. Keksa ayol 70 yil davomida yashagan bino xalqaro investitsiya fondi tomonidan sotib olinganidan so‘ng, ijara haqi 200 foizdan ziyodroqqa oshirilib, oyiga qariyb 1 880 dollarga yetkazilgan. Ommaviy sayyohlik va spekulyativ fondlarning bosimi ostida qolgan mamlakatda oddiy aholining turar joy bilan ta’minlanishi jiddiy xavf ostida qolgani ochiq ko‘rinib qoldi.

Poytaxt Madrid hamda Valensiya shaharlarida namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Valensiyada huquq-tartibot xodimlari namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan, norozilik bildiruvchilarning bir qismi San’at va fanlar saroyiga bostirib kirishga uringan. Madridda esa markaziy maydonda o‘tirib olgan fuqarolar bilan o‘ta o‘ng guruhlar to‘qnashdi, rejim politsiyasi bu yerda ham rezina o‘qlarni ishga solib, hibsga olishlarni amalga oshirdi.

Sanches rejimining so‘nggi sakkiz yil davomida ijtimoiy siyosatda chuqur inqirozga yuz tutgani yoshlar va o‘rta qatlam orasida unga bo‘lgan ishonchni deyarli yo‘qqa chiqardi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida Ispaniyada ijara haqi ikki baravarga yaqinlashgan, bir kvadrat metr narxi esa 2016-yildagi 8,2 yevrodan 15,1 yevroga yetgan. Muxolifatdagi Xalq partiyasi yetakchisi Alberto Nunyes Feyxoo Sanchesni zudlik bilan muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirib, rejim na parlamentda, na ko‘chada qo‘llovga ega emasligini ta’kidladi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishicha, xalq g‘alayoni ostida qolgan Ispaniya rejimi joriy yilning noyabr oyi oxirida muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishga majbur bo‘lishi mumkin. O‘z vakolat muddati aslida 2027-yil yozida tugashi lozim bo‘lgan so‘l hukmron tuzilma jamiyatdagi ijtimoiy noroziliklar to‘lqinini to‘xtata olmay, chuqur siyosiy botqoqlikka botib bormoqda.

Source: www.aljazeera.com