Okinava orolida amerikalik dengiz piyodasi 39 yoshli mahalliy ayol Anna Yagini o‘ldirish va talon-toroj qilishda gumonlanib qo‘lga olingach, Yaponiya rejimi AQSh elchisini rasman chaqirtirib, qat’iy norozilik bildirdi. Mazkur voqea xorijiy qo‘shinlarning mamlakatdagi qonunbuzarliklari tufayli yuzaga kelgan uzoq yillik ijtimoiy norozilik to‘lqinini yana bir bor avj oldirdi. Qo‘lga olingan 20 yoshli kichik kapral Devin Jeykob Ballard o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etishga urinmoqda.
Yaponiya rejimi rahbari Sanae Takaichi ushbu fojiani "o‘ta shafqatsiz va jirkanch jinoyat" deb baholab, Vashingtondan tergov bilan maksimal darajada hamkorlik qilishni talab qildi. Mudofaa vaziri Sindziro Koidzumi esa chet el harbiy xizmatchilari ishtirokidagi bu kabi noxush hodisalar mahalliy aholi orasida muntazam xavotir uyg‘otib kelayotganini va bunga ortiq toqat qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. AQSh rejimining Tokiodagi elchisi Jorj Glass esa o‘z navbatida tergovga go‘yoki to‘liq ko‘mak berilishini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda navbatchi ta’ziya bildirish bilan cheklandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Naha shahridagi mehmonxona kuzatuv kameralarida xorijlik erkak yaponiyalik ayol bilan xonaga kirgani, oradan vaqt o‘tgach esa xonadan yolg‘iz o‘zi ayolning buyumlarini ko‘tarib chiqqani muhrlangan. Hozirda AQSh rejimi Yaponiyada 54 mingga yaqin harbiy xizmatchisini, jumladan 18 ming dengiz piyodasini joylashtirib turibdi. Mahalliy OAV hisobotlariga ko‘ra, Okinava oroli Ikkinchi jahon urushidan keyin vujudga kelgan AQSh nazoratidan 1972-yilda chiqarilgach, o‘tgan davr mobaynida orolda amerikalik harbiylar tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar tufayli 6 mingga yaqin hibsga olish holatlari qayd etilgan.
Source: www.aljazeera.com