Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bosib olingan G‘arbiy Sohilda Isroil rejimi kuchlari va noqonuniy ko‘chmanchilar tomonidan amalga oshirilgan bir qator qurolli hujumlar oqibatida kamida bir nafar falastinlik halok bo‘ldi, bir necha kishi og‘ir tan jarohati oldi. Mintaqada zo‘ravonliklar va bosimlar kuchayib borayotgan bir paytda ro‘y bergan bu hodisalar mahalliy aholi orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, dushanba kuni Xalil (Xevron) sharqidagi Bani Naim aholi punkti yaqinida Isroil rejimi harbiylari uch nafar falastinlik bo‘lgan avtomobilga qarata o‘t ochgan. Rejim vakillari mazkur mashina harbiy transport vositasini qasddan urib yuborganini da'vo qilmoqda. Falastin rasmiy manbalarining bildirishicha, o‘qqa tutilish oqibatida 38 yoshli Xossam Alaa ad-Din Abdul Jabbor Valid Ali halok bo‘lgan, yana ikki kishi esa o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda. Qurbonning jasadi esa rejim kuchlari tomonidan ushlab qolingani ma'lum qilindi.

Boshqa bir hududda — Ramalloh yaqinidagi Ramun qishlog‘ida ham navbatdagi qonli to‘qnashuv yuz berdi. Isroil rejimi harbiylari go‘yoki transport vositasiga o‘t qo‘yilgani haqidagi xabardan so‘ng hududga yuborilganini iddao qilmoqda. Rasmiy falastinlik manbalarga ko‘ra, rejim kuchlari tomonidan ochilgan o‘q natijasida Ahmad Mazen Kahla ismli fuqaro og‘ir jarohatlangan. Rejim vakillari esa fuqarolardan biri Isroil fuqarosi tomonidan "zararsizlantirilganini" ta'kidlamoqda.

Shu bilan birga, Jenin janubi-g‘arbidagi Imriha hududida noqonuniy isroillik ko‘chmanchilar tinch falastinliklarga hujum uyushtirgan. Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati bergan ma'lumotga ko‘ra, ko‘chmanchilar zo‘ravonligi oqibatida uch kishi, jumladan, kaltaklanib, ko‘zni yoshlantiruvchi gaz sepilgan bir qariya va oyog‘i singan fuqaro shifoxonaga yetkazilgan.

Falastinning Mustamlaka va devorga qarshilik ko‘rsatish komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oktabridan buyon G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda Isroil rejimi va ko‘chmanchilar tomonidan uyushtirilgan 14 700 dan ortiq agressiv hujumlar natijasida 66 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Shuningdek, mazkur bosqinlar davomida 147 mingdan ziyod daraxt, jumladan, 100 mingdan ortiq zaytun daraxti yo‘q qilingan yoki yoqib yuborilgan.

Source: www.aljazeera.com