AQSh rejimining Tennessi shtatida o‘lim jazosini ijro etishga urinish tirik qolgan 50 yoshli mahkum Krista Payk hozirda hushiga kelgani va gapira boshlagani haqida uning advokatlari bayonot berdi. Seshanba kuni tarqatilgan ma'lumotlarga ko‘ra, u shifoxonada qo‘llari kishanlangan holda o‘ta og‘ir tibbiy yordam olishda davom etmoqda. Uzoq yillar oldin sodir etilgan jinoyat uchun o‘limga hukm qilingan Payk o‘tgan haftadagi ikkita zaharli in'ektsiyadan so‘ng tirik qolgan va Nashvilldagi shifoxonaga o‘tkazilgan edi.
Himoya vakillarining ta'kidlashicha, uning bu tarzda tirik qolishi va tiklanishi tibbiyot tarixida "misli ko‘rilmagan holat" hisoblanadi. Ular mahkumaning kelgusidagi ahvoli noma'lumligicha qolayotgani, biroq har qanday holatda ham uzoq davom etadigan tiklanish jarayoni kutilayotganini bildirishdi. Shuningdek, ular Payk AQShda yakuniga yetkazilgan o‘lim jazosidan omon qolgan yagona shaxs ekanini da'vo qilishmoqda. Biroq AQSh rejimining mas'ul idoralari nima sababdan xatolikka yo‘l qo‘yilganini hali ham izohlamagan.
Yuzaga kelgan sharmandali holat fonida Tennessi shtati gubernatori Bill Li yil oxirigacha barcha qatl qilish jarayonlarini to‘xtatib turishini e'lon qildi, shtat qamoqxonalar rahbari esa iste'foga chiqish niyatida ekanini ma'lum qildi. Himoya tomoni ekspertlarining fikricha, ishlatilgan pentobarbital moddasi qon tomiriga emas, balki teri ostidagi to‘qimalarga tarqalib ketgan bo‘lishi mumkin, bu esa fojiali oqibatning oldini olgan.
Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, Krista Paykning qo‘llari jiddiy shikastlangan, chunki uning qon quyqalanishi bilan bog‘liq tibbiy tarixi va tor tomirlari borligi oldindan ogohlantirilgan edi. Amerikalik mulozimlar esa yuzaga kelgan tizimli muvaffaqiyatsizliklar yuzasidan aniq tushuntirish berishdan bosh tortmoqda, bu esa AQSh adliya tizimining naqadar nochor ahvolda ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Source: www.bbc.co.uk