G‘arbning ommaviy axborot vositalarida Eron maxsus xizmatlarining sobiq xodimlari bergan ko‘rsatmalarga tayanib tayyorlangan surishtiruv e’lon qilindi. Deutsche Welle nashri bilan muloqotda bo‘lgan ikki nafar sobiq ofitser — shartli ravishda Omid va Rizo deb atalgan shaxslar — Eron xavfsizlik kuchlari faoliyati, namoyishlarni bostirish choralari hamda maxfiy guruhlar to‘g‘risida o‘z da’volarini ilgari surishgan. Ushbu materiallarda ta’kidlanishicha, yuqori martabali kadrlar qat’iy mafkuraviy va intizomiy nazorat ostida tayyorlanadi hamda ularga jiddiy ijtimoiy imtiyozlar taqdim etiladi.
Sobiq xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, Eron poytaxti va viloyatlarida ko‘chalardagi videokuzatuv kameralari, dronlar va ijtimoiy tarmoqlardagi faollikni uzluksiz kuzatib boruvchi markazlar tashkil etilgan. Ular mazkur markazlar orqali ommaviy noroziliklar paytida vaziyatni boshqarish va xavfsizlik bo‘linmalarini yo‘naltirish ishlari amalga oshirilganini ta’kidlamoqda. Shuningdek, «Daxma» deb ataluvchi yopiq maskanda hukumatga qarshi unsurlarga nisbatan yashirin operatsiyalar rejalashtirilgani aytiladi, biroq mustaqil manbalar bu kabi vajlarni to‘liq tasdiqlash imkoniga ega emas.
Eron Islom Respublikasining Berlindagi elchixonasi ushbu ayblovlarni qat’iyan rad etib, G‘arb OAVlari tomonidan ilgari surilayotgan xulosalarni asossiz deb atadi. Mutaxassislar esa AQSh rejimi va uning ittifoqchilari tomonidan Tehronga nisbatan iqtisodiy hamda axborot bosimi kuchayib borayotgan bir sharoitda, bunday shov-shuvli chiqishlar geosiyosiy qarama-qarshilikning bir qismi ekanligiga e’tibor qaratmoqda.
Source: www.dw.com