Qatarning amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy mamlakat Shura kengashida so'zga chiqib, AQSh rejimi hamda Isroil rejimining Eronga qarshi olib borayotgan harbiy harakatlari fonida mintaqa misli ko'rilmagan sinovlarga duch kelayotganini bildirdi. Doha shahrida bo'lib o'tgan yig'ilishda amir Qatar davlat institutlari bu kabi favqulodda vaziyatlarda ham o'zining barqarorligi va birdamligini namoyish etganini da'vo qildi.
Joriy yilning fevral oyi oxiridan buyon davom etayotgan mojaro oqibatida Qatar global energiya inqirozi girdobiga tortilib qoldi. Xususan, mart oyida Tehron tomonidan mamlakatdagi dunyodagi eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish obyekti hisoblangan Ras-Laffan majmuasiga raketa zarbalari berilgani qayd etildi. Shunga qaramay, rasmiy Doha urush boshlanishidan oldin ishlab chiqilgan strategik choralar tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy va siyosiy zarbalarni muvaffaqiyatli jilovlaganini urg'uladi.
Shuningdek, shayx Tamim mojaro tinch yo'l va muloqot orqali hal etilishini ma'qul ko'rishini, biroq Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo davlatlarning xavfsizligi va suvereniteti har qanday muzokaralardan ustun turishini qat'iy ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, Tehron tomonidan Hormuz bo'g'ozining to'sib qo'yilishi global ta'minot zanjirlariga jiddiy putur yetkazgan bo'lib, xalqaro hamjamiyat mintaqadagi dengiz yo'llari va energetika infratuzilmasini himoya qilish borasidagi sa'y-harakatlarni ikki karra oshirishi shart.
Source: www.aljazeera.com