Kongo Demokratik Respublikasining sobiq rahbari Jozef Kabila mamlakat sharqida faoliyat yurituvchi va Ruanda tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi iddao qilinadigan M23 qurolli guruhi hamda boshqa isyonchi harakatlarni o‘z ichiga olgan yangi siyosiy va harbiy koalitsiya tuzilganini e'lon qildi. Ushbu shov-shuvli bayonot dushanba kuni mamlakat sharqidagi Goma shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida yangradi.
Ma'lum qilinishicha, yangi tashkilot «Millatni qayta asoslash fronti» (FRN) deb nomlandi va unga bevosita Kabila rahbarlik qiladi. Uning o‘rinbosarlari sifatida esa M23 guruhining siyosiy qanoti hisoblangan Kongo daryosi alyansining sobiq yetakchisi Kornel Nanga kabi isyonchi rahbarlar tayinlangan. Koalitsiya maslahatchisi Klod Ibalankyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu birlashma «har qanday usul, jumladan, kuch ishlatish yo‘li bilan zulmga barham berish» maqsadini ko‘zlaydi.
Ushbu kutilmagan qadam mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi va amaldagi prezident Feliks Tsekisedi rejimi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlar ehtimolini oshirishi kutilmoqda. Kanadadagi Ottava universiteti tadqiqotchisi Iv Muyaning ta'kidlashicha, bunday bayonotlar tayyorgarlik ko‘rilmasdan turib berilmaydi va yaqin kelajakda harbiy jabhada keskinlashuv kuzatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Jozef Kabila 2001–2019 yillarda KDRni boshqargan bo‘lib, o‘tgan yili mamlakat harbiy sudi uni davlatga xiyonat va harbiy jinoyatlarda ayblab, sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilgan edi. Shuningdek, AQSh rejimi joriy yil boshida unga nisbatan isyonchi guruhlarni moliyalashtirganlikda ayblab sanksiyalar kiritgan edi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur yangi koalitsiya Qatar poytaxtida o‘tkzilishi rejalashtirilgan tinchlik muzokaralarini butunlay barbod qilishi mumkin.
Source: www.aljazeera.com