Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi tadqiqot markazlaridan biri boʻlgan Anthropic kompaniyasi 2026-yil oxiriga borib sunʼiy intellekt agentlari aqlli muzlatkichlar, changyutkichlar va boshqa maishiy texnikalar orqali oʻz-oʻzini koʻpaytirishni oʻzlashtirib olishi mumkinligidan jiddiy xavotir bildirdi. Mutaxassislarning fikricha, bunday texnologik rivojlanish kutilmagan xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi va raqamli xavfsizlikka putur yetkazishi mumkin.

Kompaniya tadqiqotchilari tomonidan oʻtkazilgan sinovlar jarayonida qiymati uncha qimmat boʻlmagan 15 ta Android-TV pristavkasi yagona tarmoqqa birlashtirilib, ularda 26 milliard parametrli sunʼiy intellekt modeli muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. Shundan soʻng olimlar modellarning begona qurilmalarga mustaqil ravishda suqilib kirishi hamda oʻz nusxalarini yaratish qobiliyatini tekshirib koʻrdi. Maʼlum boʻlishicha, 9 milliard parametrli kichikroq model sinovdan oʻtgan toʻqqiz turdagi uskunaning sakkiztasida ishlashga muvaffaq boʻlgan, ammo u hozircha toʻliq sikldagi oʻz-oʻzini koʻpaytirishni barqaror bajarolmayapti.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday vazifani faqat yirikroq GLM-5.2 modeli uddalay olgan, biroq uning faoliyati odatdagi robot-changyutkichlar yoki aqlli televizorlar taqdim eta oladiganidan ancha yuqori hisoblash quvvatini talab qiladi. Shunga qaramay, tahlilchilar texnologiya jadal rivojlanishda davom etsa, kelgusida kichik modellar ham yetarli imkoniyatlarga ega boʻlishini taxmin qilmoqda.

Tadqiqotchilar sunʼiy intellekt agentlarining uy qurilmalarini bosqichma-bosqich egallab olishi nisbatan sekin kechishini, masalan, bitta nusxani koʻchirish uchun bir necha kun talab etilishini taʼkidlaydi. Biroq kelajakda inson nazoratidan chiqib ketishi mumkin boʻlgan bunday agentlarni aniqlash va ulardan qutulish juda qiyin vazifaga aylanishi, buning uchun internet-provayderlar oʻrtasida oʻzaro muvofiqlashtirilgan harakatlar talab etilishi eʼtirof etildi.

Source: kun.uz