Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Janubiy Afrikadagi mashhur Kryuger milliy bogʻida olimlar tomonidan oʻtkazilgan yangi ilmiy tadqiqot fil qoldiqlari tuproq, oʻsimliklar qoplami va oʻtxoʻr hayvonlarning oziqlanish jarayoniga yetti yildan ortiq vaqt davomida sezilarli taʼsir koʻrsatishini aniqladi. Maʼlum qilinishicha, bunday hududlarda oʻtlar ancha toʻyimli boʻlib chiqqan, biroq umumiy oʻsimliklar hamda tuproq mikroorganizmlarining xilma-xilligi keskin kamaygan.

«Naked Science» nashrining xabar berishicha, ushbu keng qamrovli ilmiy ish AQShdagi Santa-Barbaradagi Kaliforniya universiteti mutaxassisi Deron Berkepayl boshchiligidagi xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Mazkur izlanish natijalari nufuzli «Proceedings of the National Academy of Sciences» ilmiy jurnalida chop etilgan boʻlib, u yirik hayvonlarning oʻlimidan keyingi ekologik izlarini oʻrganishga qaratilgan.

Odatda fillar tirik paytida ulkan hajmi bilan oʻsimliklarni isteʼmol qilish, butalarni sindirish va daraxtlarni yiqitish orqali savanna landshaftini tubdan oʻzgartirib yuboradi. Biroq olimlar endilikda ushbu ulkan jonzotlar hayotdan koʻz yumganidan keyin ham ularning tabiatga koʻrsatadigan taʼsiri qancha muddat saqlanib qolishini batafsil tahlil qilishga qaror qilishgan.

Tadqiqot davomida mutaxassislar fillar halok boʻlgan 40 ta hududni diqqat bilan tekshirib chiqishdi. Topilgan qoldiqlarning yoshi atigi sakkiz kundan tortib, naq 2814 kungacha, yaʼni qariyb 7,7 yilni tashkil etgan turli davrlarni oʻz ichiga olgan edi. Har bir ana shunday nuqtada qoldiqlardan yarim metr va ikki yarim metr masofadagi tuproq hamda oʻsimliklar atroflicha oʻrganilib, natijalar oʻn besh metr uzoqlikdagi nazorat maydonchalari koʻrsatkichlari bilan solishtirildi.

Olingan tahlil natijalariga koʻra, eng sezilarli oʻzgarishlar tuproqning kimyoviy tarkibida kuzatilgan. Fil qoldiqlari yaqinidagi hududlarda ammoniy miqdori nazorat maydonlariga qaraganda oʻrtacha 31 baravar, nitratlar yetti baravar, fosfor esa uch baravar yuqori boʻlgani aniqlangan. Baʼzi yangi qoldiqlar atrofida esa azot birikmalarining miqdori hatto odatiy koʻrsatkichlardan minglab baravargacha oshib ketgan.

Biroq mutaxassislarning taʼkidlashicha, ozuqa moddalarining bunday koʻpligi oʻsimliklarga doimo ham ijobiy taʼsir koʻrsatavermagan. Ammoniyning haddan tashqari yuqori konsentratsiyasi ularga zaharli taʼsir koʻrsatib, oʻsish jarayonini qiyinlashtirgan. Natijada, fil qoldiqlari atrofida oʻsimliklar xilma-xilligi nazorat maydonlaridagiga nisbatan past boʻlgan va bu holat hatto qariyb sakkiz yil davomida ham saqlanib qolgan.

Shunga qaramay, mazkur hududlarda oʻsishga muvaffaq boʻlgan oʻtlar boshqalarga qaraganda ancha toʻyimli ekanligi maʼlum boʻldi. Fototuzoqlar yordamida kuzatishlar shuni koʻrsatdiki, impala antilopalari va buyvollar fil qoldiqlari yaqinidagi oʻtlarni odatdagidan uch baravar koʻp isteʼmol qilgan. Bunday faol oʻtlash jarayoni fil oʻlimidan keyin yetti yildan oshgan boʻlsa ham davom etgani olimlarni hayratda qoldirdi.

Source: kun.uz