Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Saudiya Arabistoni professional ligasi mamlakatda xavfsizlik vaziyatining keskinlashuvi ortidan uchta muhim uchrashuv, jumladan, yulduzli hujumchi Krishtianu Ronaldu to'p suradigan "An-Nasr" jamoasining o'yinini ham noma'lum muddatga qoldirdi. Seshanba oqshomida liga rasmiy saytida e'lon qilingan bayonotda bu qaror "logistik mulohazalar" hamda jamoalar uchun majburiy dam olish davrini ta'minlash zarurati bilan izohlandi.

Xususan, chempionat peshqadami "Al-Hilol" va "Al-Riyod", shuningdek, "Al-Ittihod" va "Al-Shabab" o'rtasidagi bahslar 19-dekabrga ko'chirildi. Biroq Ronaldu ishtirokidagi "Al-Ahli" hamda "An-Nasr" o'rtasidagi uchrashuv taqvimi g'ayrioddiy tarzda 2027-yil 6-martga qadar kechiktirildi, bu esa mintaqadagi muammolarning ko'lami naqadar jiddiyligidan dalolat beradi. Shunga qaramay, liganing boshqa uchrashuvlari oldindan belgilangan jadval asosida o'tkazilishi aytilmoqda.

Ushbu favqulodda chora-tadbirlar Yamandagi husiylar tomonidan Saudiya Arabistoni hududiga qaratilgan raketa hujumlari keskin ortgani fonida yuzaga keldi. Xususan, dushanba kuni "An-Nasr"ning OChL doirasidagi O'zbekistonning "Neftchi" klubiga qarshi o'yini ham xavfsizlik sababli bir soatga kechiktirilgan edi. Saudiya poytaxti Ar-Riyodga otilgan ballistik raketa havo mudofaa kuchlari tomonidan tutib qolingan bo'lsa-da, uning qoldiqlari aholi punktlariga tushib, vayronagarchiliklar va jabrlanganlarga sabab bo'lmoqda.

Mintaqadagi vaziyatning bunday tus olishi shuni ko'rsatadiki, Ar-Riyod boshchiligidagi koalitsiya mojaroni faqat Yaman hududida saqlab qolishga qodir emasligi fosh bo'ldi. Husiylar Saudiya infratuzilmasi, jumladan aeroportlar va neft ob'ektlariga qarshi hujumlarni davom ettirish bilan tahdid qilmoqda. Eslatib o'tamiz, Ar-Riyod xalqaro aeroportiga qilingan so'nggi zarbalar oqibatida o'nlab odamlar halok bo'lib, yirik energetika ob'ektlari va mamlakat logistikasiga jiddiy putur yetgan edi.

Source: www.aljazeera.com