Yevropa Ittifoqining ichki bozoridagi qonunchilik bo‘shliqlari va tartibsizliklar navbatdagi keng ko‘lamli huquqiy inqirozni keltirib chiqardi. Germaniya sud instansiyalari, jumladan, Federal adliya sudi Yevropa Ittifoqi sudi ko‘rsatmalariga ergashgan holda, o‘yinchilarga noqonuniy onlayn-kazino va o‘yin avtomatlarida yutqazilgan pullarni undirib olish imkoniyatini taqdim etuvchi qarorlar chiqarishni boshladi. Germaniya rejimi hududida 2008-yildan 2021-yilgacha onlayn qimor o‘yinlari taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, ko‘plab xususiy kompaniyalar Malta kabi orol davlatlari litsenziyalaridan foydalanib, fuqarolardan noqonuniy ravishda milliardlab yevro yig‘ib olgani ma’lum bo‘lmoqda.
Huquqiy mojarolarning navbatdagi to‘lqiniga Baden-Vyurtembergdagi da’vogarning Maltada ro‘yxatdan o‘tgan «Tipico Games» bukmekerlik shirkatiga qarshi da’vosi sabab bo‘ldi. Da’vogar 2020–2022-yillarda taxminan 10 ming yevro yutqazganini bildirib, qimor kompaniyasi Germaniya rejimi tomonidan berilgan tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagani vajini ilgari surgan. Shtutgart oliy yer sudi ushbu mablag‘larni qonuniy asossiz olingan deb topib, operatorni pullarni qaytarishga majbur qildi. Germaniyaning eng yuqori fuqarolik sudi ham dastlabki eshituvlarda ushbu yondashuvni ma’qulladi, yakuniy hukm esa kelgusi yilning yanvar oyida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Mazkur qarorlar ortidan Yevropadagi yuridik firmalar va da’vo moliyalashtirish tuzilmalari ommaviy daromad manbaiga ega bo‘lish maqsadida yangi «huquqiy biznes» tarmog‘ini shakllantirmoqda. Advokatlar sun’iy intellekt vositalari yordamida o‘n minglab yevro yutqazgan fuqarolarni to‘plab, ommaviy sud jarayonlarini ochishga kirishdi. Mutaxassislar bu vaziyatni avtomobil sanoatidagi shov-shuvli «Dizelgeyt» mojarosiga qiyoslamoqda, unda ham asosiy foydani oddiy iste’molchilar emas, balki da’volarni boshqarayotgan tijoriy yuristlar ko‘rgan edi.
Shu bilan birga, mutaxassislar ushbu qarorlar jamiyatdagi qimorbozlik illatini yanada chuqurlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Bremen universiteti psixologi Tobias Xayerning qayd etishicha, qaramlikdan aziyat chekayotgan insonlarga katta miqdordagi mablag‘larning birdaniga qaytarib berilishi ularning qaytadan og‘ir qimor domiga tushish xavfini oshiradi. Boz ustiga, operatorlar ham o‘yinchilarning o‘zlari qonunni chetlab o‘tib, soliqlardan qochish ilinjida xorijiy platformalarga kirganini da’vo qilib, javob choralari ko‘rishga urinmoqda, bu esa Yevropa sud tizimidagi noaniqliklarni yanada chigallashtirmoqda.
Source: www.dw.com