Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Angliya va Uels Yashillar partiyasi qurultoyida sionizmni irqchilik shakli deb tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiya tashabbuskori bo‘lgan britaniyalik falastinlik rassom va faol Lubna Speytan jiddiy bosimlarga duch kelmoqda. Faolning ta’kidlashicha, mazkur ovoz berish natijalaridan so‘ng uning nomiga ijtimoiy tarmoqlar va elektron pochta orqali zo‘rlash hamda o‘lim bilan qo‘rqitilgan ko‘plab xabarlar kelib tushgan. Speytan ushbu holatlar yuzasidan Buyuk Britaniya rejimi politsiyasiga rasmiy murojaat yo‘llaganini bildirdi.

Raytondagi konferensiyada qabul qilingan ushbu rezolyutsiya Yashillar partiyasida 1 022 kishining roziligi va 813 kishining qarshiligi bilan ma’qullangan edi. Hujjatda sionizm falastinliklarni o‘z yerlaridan quvib chiqarish va etnik tozalashga asoslangan etnomillatchi mustamlakachilik loyihasi sifatida baholangan. Shuningdek, unda yahudiylar va musulmonlar teng huquqli bo‘lgan yagona demokratik davlat barpo etish g‘oyasi ilgari surilib, antisionizmni antisemitizm bilan tenglashtirish asossiz ekani qayd etilgan.

Biroq Buyuk Britaniya rejimining siyosiy elitasi va yetakchi partiyalari mazkur qarorni keskin tanqid ostiga olib, Yashillarni antisemitizmda ayblashga kirishdi. Mamlakatning yetakchi siyosatchilari partiya bilan har qanday hamkorlikni rad etishini ma’lum qildi. Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, Britaniya ommaviy axborot vositalarida rezolyutsiya muxoliflariga tarafdorlarga qaraganda o‘n baravar ko‘proq efir va maydon ajratilib, faolga nisbatan qasddan qoralash kampaniyasi uyushtirilmoqda.

Lubna Speytanning ta’kidlashicha, Isroil rejimining G‘azodagi harbiy harakatlari davomida uning oilasining 56 nafar a’zosi halok bo‘lgan. Shaxsiy fojiasiga qaramay, u sionizm g‘oyasiga qarshi kurashni davom ettirish zarurligini ta’kidlab, G‘arb jamoatchiligida falastinliklar huquqlarini himoya qilishga urinayotgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilayotgan bunday qo‘rqitish va tahdid taktikalari o‘z samarasini bermasligini ma’lum qildi.

Source: www.aljazeera.com