Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

1978-yilning 24-yanvar kuni Kanadaning kimsasiz shimoliy hududlari uzra osmonni yorqin olovli shar kesib oʻtib, kuchli portlash sodir boʻlgan edi. Oʻshanda mahalliy aholi yerga ulkan meteorit kelib urildi deb oʻylagan edi, biroq hududni oʻrganish davomida topilgan metall boʻlaklarida xavfli radiatsiya nurlari aniqlandi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, bu hududga SSSRning yadroviy reaktor bilan jihozlangan «Kosmos-954» sunʼiy yoʻldoshi qulab tushgan ekan.

Ikkinchi jahon urushidan soʻng global siyosiy sahnada ikki qutb yetakchilari oʻrtasida boshlangan shiddatli qarama-qarshilik qurollanish poygasini keltirib chiqardi. Sovuq urush deb nomlangan bu davrda tomonlar harbiy salohiyatni oshirish, ballistik raketalar yaratish va kosmosni oʻzlashtirish borasida oʻzaro raqobatga kirishdi. Sovet hokimiyati har qanday yutuqni oʻz mafkurasining ustunligi sifatida koʻrsatishga intilgan boʻlsa-da, bu poyganing ortida ulkan texnologik xatarlar yotgan edi.

Fazoda raqib flotlari va suvosti kemalarini kuzatish uchun oʻrnatiladigan radiolokatsiya uskunalari juda katta energiya talab qilar edi. Oʻsha davrdagi quyosh batareyalari bu ehtiyojni qoplay olmagani bois, tomonlar yadroviy reaktorlardan foydalanish yoʻlidan borishdi. AQSH ham, SSSR ham bu yoʻnalishda faol ish olib borib, amerikaliklar SNAP dasturini boshlagan boʻlsa, sovetlar oʻz qurilmalarini fazoga yoʻnaltira boshladi.

Biroq sovetlarning ushbu xavfli dasturi koʻplab avariyalar va texnik nosozliklar bilan kechdi. 1970-yillardan boshlab bir nechta shunday sunʼiy yoʻldoshlar parvoz vaqtida yoki orbitada portlab ketgan. Shunga qaramay, xavfsizlik qoidalariga eʼtibor qaratilmay, loyihalar davom ettirilgan va oqibatda Kanada hududiga radiatsiyaviy xavf solgan fojiali qulash sodir boʻlgan.

Source: kun.uz