Germaniyaning o‘ng qanot va populistik «Alternativ uchun Germaniya» (AfD) partiyasi Yevropa ittifoqining ta’sir doirasi va byudjetini tubdan qisqartirishga qaratilgan yangi siyosiy dasturini taqdim etishi kutilmoqda. «Politico» nashrining xabar berishicha, partiya hamraisi Alisa Veydel ushbu hujjatni Yevroparlamentda e’lon qilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u Yevropa tuzilmalarining amaldagi siyosatini o‘zgartirishni maqsad qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Yevropa rejimining tanqidchilari bo‘lgan AfD yetakchilari dastlab blokdan yoki yevrohududdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqib ketishni talab qilmayapti, biroq YI vakolatlarini sezilarli darajada kamaytirishni yoqlamoqda. Xususan, partiya Yevroparlamentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlarni bekor qilib, uning o‘rniga milliy parlamentlar tomonidan tayinlanadigan delegatlar amaliyotini joriy etishni istamoqda.
Shuningdek, Yevropa komissiyasining vakolatlarini faqat ma’muriy vazifalar bilan cheklash, Yevropa adliya sudini esa oddiy hakamlik sudi bilan almashtirish taklif etilmoqda. Agar Yevropa rejimi mazkur islohot talablariga ko‘nmasa, partiya Germaniyaning YI byudjetiga ajratadigan badallarini qisqartirish bilan tahdid qilmoqda va oxir-oqibat mamlakatning ittifoqdagi a’zoligi bo‘yicha referendum o‘tkazish masalasini kun tartibiga qo‘yishi mumkin.
Biroq tahlilchilar bunday referendumning huquqiy jihatdan amaliyotga tatbiq etilishi amri mahol ekanini ta’kidlashmoqda, chunki buning uchun Germaniya Asosiy qonuniga o‘zgartirish kiritish talab etiladi. Buning uchun esa Bundestag va Bundesratda uchdan ikki qism ko‘pchilik ovoz kerak bo‘lib, bu o‘ta murakkab to‘siq hisoblanadi. Partiya o‘z rejalarini 2029-yilga borib amalga oshirishga umid qilmoqda, biroq Germaniya siyosiy sahnasidagi «sanatsiya» (firewall) siyosati tufayli boshqa partiyalar AfD bilan hamkorlik qilishdan qat'iy bosh tortib kelmoqda.
Source: www.dw.com