AQSh rejimi rahbari Donald Tramp o'z partiyasining Kongressdagi nazoratini saqlab qolishga qaratilgan harakatlari doirasida noyabr oyida bo'lib o'tadigan oraliq saylovlarda respublikachi nomzodlarga yordam berish uchun 400 million dollardan ko'proq mablag' sarflash niyatida ekanligini ma'lum qildi. U bu haqda o'zining Truth Social platformasidagi sahifasida yozib, umumiy summaning katta qismi allaqachon saylovoldi tashviqotiga yo'naltirilganini da'vo qildi.
Trampning so'zlariga ko'ra, reklama, saylovchilar bilan bevosita va bilvosita aloqalar, mitinglar hamda ovoz berish jarayonlarini qo'llab-quvvatlash dasturlariga allaqachon 300 million dollardan ortiq mablag' sarflangan. Shunga qaramay, AQSh rejimi rahbari ushbu xarajatlarning, jumladan, har bir alohida poygaga qancha mablag' ajratilishining batafsil taqsimotini keltirmadi. Bu va'dalar amerikaliklar orasida iqtisodiy muammolar va AQSh-Isroilning Eronga qarshi cho'zilib ketgan urushi fonida yuzaga kelayotgan jiddiy tanqidlarga duch kelgan bir paytda berilmoqda.
Saylovoldi poygasi oldidan Trampning reytinglari rekord darajada pasayib ketgani kuzatilmoqda. Reuters va Ipsos tomonidan o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning atigi 31 foizi uning faoliyatini ma'qullagan. Bunday og'ir vaziyatda ayrim respublikachilar prezidentdan masofalanishga harakat qilayotgan bo'lsa, boshqalari Demokratik partiya bilan kechayotgan keskin kurashlarda ko'proq yordam talab qilmoqda.
Shuningdek, MAGA Inc. super-qo'mitasi mablag'laridan foydalanish masalasi ham bahslarga sabab bo'lmoqda. O'tgan oyda huquqni muhofaza qiluvchi Campaign Legal Center tashkiloti Trampni ushbu jamg'arma xarajatlarini bevosita nazorat qilishini aytib, qonunbuzarlikka yo'l qo'yganlikda ayblagan edi. Qonunga ko'ra, bunday qo'mitalar nomzodlar kampaniyalaridan mustaqil ravishda faoliyat yuritishi shart, biroq Tramp bu mablag'lar uning shaxsiy nazorati ostidaligini iddao qilgan.
Source: www.aljazeera.com