Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Janubiy Sudan va Sudan o'rtasidagi bahsli Abyei hududidagi Amiet bozoriga uyushtirilgan shafqatsiz dron hujumi natijasida kamida 153 kishi qurbon bo'lgani aytilmoqda. Janubiy Sudan rasmiylarining ta'kidlashicha, fojia yuzasidan qutqaruv va qidiruv ishlari davom etmoqda, biroq halok bo'lganlar soni yanada ortishi kutilmoqda, chunki ko'plab insonlar bedarak yo'qolgan deb hisoblanmoqda.

Abyei ma'muriyatining vaqtinchalik axborot vaziri Yohanna Akol Ngorning so'zlariga ko'ra, voqea joyida yong'inlar hali ham davom etmoqda va vaziyat o'ta og'ir. Uning iddao qilishicha, ba'zi jasadlar tanib bo'lmas darajada yonib kulga aylangan. Janubiy Sudan TIV ham ushbu hujumda Sudan qurolli kuchlarini ayblab, mamlakatdagi elchini chaqirtirganini va tinch aholiga tahdid soluvchi harakatlarni to'xtatishga chaqirgan.

Shu bilan birga, Sudan tomoni bu da'volarni rad etib, harbiylar faqatgina Janubiy Sudan orqali Tezkor harakat kuchlariga (RSF) yoqilg'i tashiydigan avtomashinalarni nishonga olganini bildirdi. Sudanning yuqori martabali harbiysi voqea vaqtida yo'q qilinganlar tinch aholi emas, balki harbiylashgan guruh a'zolari va kontrabandachilar bo'lganini iddao qildi, biroq bu ma'lumotlarni mustaqil manbalar tasdiqlamadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti mazkur qonli voqeani keskin qoralab, ko'plab tinch aholi, jumladan ayollar va bolalar jabr ko'rganini ma'lum qildi. BMT huzuridagi tinchlikparvar kuchlar qurbonlar sonini aniqlash ishlarini olib bormoqda. Chegara hududidagi neftga boy bu mintaqada yuzaga kelgan keskinlik butun mintaqadagi gumanitar inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.

Source: www.aljazeera.com