Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Gvatemala va Gonduras oʻrtasidagi xalqaro chegara boʻylab joylashgan tabiiy oʻrmon yoʻlagida erkak yaguar fototuzoq obyektiviga muhrlandi. Tabiatni muhofaza qiluvchi mutaxassislarning bildirishicha, mazkur hududda bu kabi yirik yirtqichlarni videotasvirga yoki fotosuratga olish taxminan har oʻn yilda bir marta roʻy beradigan oʻta noyob hodisa hisoblanadi. Olingan tasvirlar inson faoliyati hamda oʻrmonlarning qisqarishi kabi kuchli antropogen bosimga qaramay, yovvoyi yirtqichlar hali ham ushbu anʼanaviy yoʻlakdan harakatlanish uchun foydalanayotganini amalda isbotladi.

Mazkur noyob kadrlar yovvoyi mushuksimonlarni asrashga ixtisoslashgan xalqaro Panthera tashkiloti hamda Gvatemalaning Muhofaza etiladigan hududlar boʻyicha milliy kengashi (CONAP) hamkorligida oʻrnatilgan kuzatuv moslamalari orqali qayd etildi. Panthera tashkilotining yaguarlarni muhofaza qilish dasturi rahbari Ellison Devlin va uning Gondurasdagi vakili Franklin Kastanyedaning taʼkidlashicha, ushbu fotodalillar barcha toʻsiq va ekologik xavflarga qaramay, mazkur hududda yaguarlarning yashovchanligi saqlanib qolayotganini koʻrsatuvchi muhim dalildir.

Ushbu oʻrmon yoʻlagining mavjudligi Markaziy Amerika faunasi genofondi uchun hayotiy ahamiyatga ega. Gvatemala va Gonduras chegarasi orqali oʻtuvchi tabiiy zanjir Beliz, Gvatemala va Meksikadagi yaguar guruhlarini Gondurasning markaziy hamda sharqiy hududlaridagi populyatsiyalar bilan bogʻlaydi. Oʻrmonlarning ommaviy kesilishi va infratuzilmaning kengayishi sababli ushbu yoʻlaklar uzilsa, hayvonlar bir-biridan yakkalanib qoladi va qarindoshlik chatishuvi (inbriding) oqibatida ularning genetik sogʻlomligi jiddiy zaiflashadi.

Maʼlumotlarga koʻra, butun dunyodagi yaguarlarning salkam 89 foizi Janubiy Amerikadagi Amazonka havzasi oʻrmonlarida toʻplangan boʻlib, tur umumiy holatini aynan oʻsha yirik populyatsiya belgilaydi. Biroq Markaziy Amerikada yashovchi kichik va tarqoq guruhlar oʻrmonlarning yoʻq qilinishi tufayli ancha keskin xavf-xatarlar ostida qolmoqda. Shu sababli bu kabi chegaralararo oʻrmon hududlarini asrab qolish xalqaro darajadagi eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Yangi topilmalar yaguarlarning tarqalish areali haqidagi ilmiy qarashlarni ham oʻzgartirmoqda. Ilgari Gvatemalada yaguarlar asosan shimoldagi Peten oʻrmonlarida uchraydi deb hisoblangan boʻlsa, soʻnggi kuzatuvlar ularning mamlakat sharqidagi Syerra-de-las-Minas togʻ tizmasi hamda Karib dengizi qirgʻogʻidagi Izabal yoʻlagida ham faol ekanini koʻrsatdi. Mutaxassislar ushbu yashirin yirtqichlarning mavjudligi mintaqada yaxlit ekotizimni zudlik bilan himoyaga olish lozimligini eslatib turganini taʼkidlamoqda.

Source: kun.uz