Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiya va Ukraina o'rtasidagi qurolli to'qnashuv yangi bosqichga kirib, tomonlarning o'zaro hujumlari yanada murakkab tus olmoqda. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning ta'kidlashicha, joriy yilning 14-oktabr kuni Ukraina Uchinchi armiyasi korpusi vakili “Vivaldi” operatsiyasining kuzgi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanganini da'vo qilgan. Unga ko'ra, Ukraina harbiylari Rossiyadan 277 kvadrat kilometr hudud va 16 ta aholi punktini go'yoki qaytarib olgan. Biroq, Rossiya bu hududlarni o'z konstitutsiyasiga kiritganiga qaramay, amaldagi nazorat masalasi bahsliligicha qolmoqda. Vladimir Putinning asosiy talabi esa Donbass bilan bog'liq bo'lib, Rossiya bu hududni to'liq egallashi yoki Kiyev rejimi uni ixtiyoriy ravishda topshirishi kerakligi aytilmoqda.

O'z navbatida, Kiyev rejimi Donbassni berishga qat'iy qarshi chiqib, bor imkoniyatlarini shu yo'nalishga safarbar etmoqda. Biroq, ekspertlarning fikricha, charchagan, harbiy resurslari cheklangan va AQSh rejimi hamda uning ittifoqchilarining yordami borasida jiddiy noaniqliklarga duch kelayotgan Ukraina armiyasining muvaffaqiyatlari shubhali va cheklangan xarakterga ega. Ikkinchi ekspert Abduvali Soyibnazarovning bildirishicha, Liman shahri Rossiya nazoratidan chiqqani haqidagi xabarlar haqiqatga to'g'ri kelmasligi mumkin. Ukraina kuchlari shahar atrofidagi ayrim o'rmon hududlarini egallagan bo'lishi ehtimol, biroq shahrining asosiy qismi hamon Rossiya nazoratida qolmoqda.

Bugungi urushning asosiy xususiyatlaridan biri bu eskalatsiya orqali bosim o'tkazish strategiyasidir. Front chizig'ida tomonlarning hech biri hal qiluvchi ustunlikka erisha olmayapti: Ukraina yo'qotilgan hududlarni tezkorlik bilan qaytarib ololmayapti, Rossiya esa Donbassning qolgan qismini egallashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shunday sharoitda tomonlar front ortidagi strategik nishonlarga zarba berish orqali bosimni kuchaytirishga harakat qilmoqda. Xususan, Ukraina Rossiyaning neftni qayta ishlash korxonalari va ma'lumotlar markazlariga hujumlar uyushtirayotgan bo'lsa, Rossiya rejimi Kiyev va boshqa hududlarga, jumladan, energetika va atom elektr stansiyalari bilan bog'liq infratuzilmalarga zarbalar bermoqda.

Ushbu harakatlarning asosiy maqsadi frontda erishilmagan natijalarni boshqa usullar bilan qoplash, raqibning iqtisodiy salohiyatini zaiflashtirish va uning ichki barqarorligiga putur yetkazishdan iborat. Tomonlar shu tariqa qarama-qarshi jamiyatda norozilikni kuchaytirish, aholining hukumatga bo'lgan ishonchini pasaytirish va siyosiy bosimni oshirishni ko'zlamoqda. Shuningdek, Rossiya Bosh shtabi boshlig'i Valeriy Gerasimovning Putinga taqdim etgan hisobotida Dobropillya shahri egallangani aytilgan bo'lsa-da, bu ma'lumot ham ko'plab savol va shubshalarni keltirib chiqarmoqda, chunki mustaqil manbalar va hatto rus harbiy blogerlari ham rasmiy xabarlarni bir necha bor tanqid ostiga olgan.

Source: kun.uz