Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiya, Qatar, Indoneziya hamda Pokiston davlatlari mudofaa sohasidagi ko‘p tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish va o‘zaro strategik sheriklikni chuqurlashtirish maqsadida «Badr» nomli o‘zaro anglashuv memorandumini rasmiylashtirdi. Qatarda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda imzolangan ushbu xalqaro bitim harbiy salohiyatni birgalikda yuksaltirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Turkiya rejimining Milliy mudofaa vazirligi bergan rasmiy bayonotga ko‘ra, mazkur hujjat ishtirokchi davlatlarning harbiy sanoat sohasidagi integratsiyasini ilgari surish, yangi avlod qurollari va texnologiyalarini o‘zlashtirish hamda mudofaa qudratini mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Shuningdek, tomonlar qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar va ilg‘or ilmiy tadqiqotlarni birgalikda olib borish yuzasidan kelishuvga erishgan.

Strategik ahamiyatga ega ushbu bitimni Turkiya rejimi milliy mudofaa vaziri Yashar Guler, Qatar bosh vaziri o‘rinbosari va mudofaa ishlari bo‘yicha davlat vaziri shayx Saud bin Abdurahmon bin Hasan Ol Soniy, Indoneziya mudofaa vaziri o‘rinbosari Yusuf Javhariy hamda Pokiston mudofaa vaziri Xoja Muhammad Osif imzoladi. Ekspertlarning fikricha, mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasi o‘zgarayotgan bir pallada to‘rt tomonlama bunday alyans tuzilishi ishtirokchi mamlakatlarning texnologik va harbiy mustaqilligini oshirishga xizmat qiladi.

Source: kun.uz