Poytaxtimizda 2026-yilning 26-oktabridan 1-noyabriga qadar xalqaro arxitektorlar, dizaynerlar, shaharsozlar hamda ijodiy soha vakillarini bir platformaga jamlaydigan nufuzli Tashkent Design Week haftaligi tashkil etiladi. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi bergan maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur keng ko‘lamli loyihaning bosh mavzusi "Yangi Toshkent" konsepsiyasi va uning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda dizaynning o‘rni masalasiga bag‘ishlanadi.
Tadbir dasturi ikki asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: yangi shahar muhitini modellashtirish hamda sohadagi ilg‘or xalqaro tajribalarni chuqur o‘rganish. Mutaxassislar buyum va mebel dizaynidan tortib, jamoat maydonlari, ko‘cha landshafti va yaxlit shahar dizayn-kodlarigacha bo‘lgan masalalarni muhokama qiladi. Shuningdek, barqaror rivojlanish, shahar o‘ziga xosligi, taʼlim tizimi hamda biznes va jamoat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanat masalalariga alohida urg‘u beriladi.
Tashkent Design Week doirasidagi eng muhim voqealardan biri Tashkent City Mall atriumi hududida "Yangi Toshkent" bosh loyihasi maketining ilk ommaviy taqdimoti bo‘ladi. Koç Construction kompaniyasi tomonidan maxsus ssenografiya asosida jihozlanadigan ekspozitsiya iqlimga moslashgan arxitektura, mahalliy xomashyolardan unumli foydalanish va shaharsozlik ko‘lamining aholi turmush sifatiga taʼsiri borasidagi kasbiy muloqot uchun asosiy maydon vazifasini o‘taydi.
27–29-oktabr kunlari CAU universiteti hamkorligida o‘tkaziladigan panel munozaralarida dunyoga mashhur mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. Xususan, Tadao Ando konsepsiyasi asosidagi O‘zbekiston Milliy muzeyi loyihasi ustida ishlayotgan ATELIER BRÜCKNER byurosi vakillari, "Yangi Toshkent" bosh rejasini tuzayotgan Cross Works kompaniyasi bosh dizayneri, shuningdek, ARC Architects, SAD Studio va Lyudi Architects kabi yetakchi tashkilotlar vakillari o‘z taqdimotlari bilan qatnashadi.
Ko‘rgazma maydonida mahalliy va xorijiy ustalarning anʼanaviy hunarmandchilikni zamonaviy uslubda talqin etgan eksklyuziv mebel va interyer namunalari namoyish qilinadi. Eslatib o‘tamiz, Toshkent dizayn haftaligining avvalgi mavsumi 30 dan ziyod tadbir va 40 dan ortiq spikerlarni qamrab olgan bo‘lib, loyihaning raqamli auditoriyasi 6 million kishidan oshgan edi.
Source: uznews.uz