Fransiyada bir necha haftadan buyon davom etayotgan namoyishlar mamlakatda jiddiy ijtimoiy-siyosiy inqiroz yuzaga kelganidan dalolat bermoqda. Dastlab maktab oʻquvchilarining oddiy eʼtirozlari sifatida boshlangan noroziliklar qisqa fursatda butun davlatni qamrab olib, chuqur tizimli muammolarni yuzaga chiqardi. Yevropa rejimi vakillari vaziyatni nazorat qilishga urinayotgan boʻlsa-da, jamiyatdagi keskinlik pasayish belgilarini koʻrsatmayapti va bu holat mahalliy aholining amaldagi siyosatdan qattiq noroziligini koʻrsatmoqda.
Namoyishlarning ildizi Parij chekkasidagi taʼlim muassasalaridan boshlangan boʻlib, oʻquvchilar sinfxonalarning haddan tashqari toʻlaligi, binolarning eskirgani va oʻqituvchilar yetishmasligidan shikoyat qilishgan edi. Biroq, Yevropa shaharlarida odatiy tus olganidek, tinch norozilik aksiyalari tez fursatda radikal va tartibsizlik keltirib chiqarishni maqsad qilgan guruhlar tomonidan egallab olindi. Natijada, oddiygina ijtimoiy muammolar atrofidagi eʼtirozlar talonchilik va toʻqnashuvlarga ulanib ketdi.
Asosiy ijtimoiy muammolardan biri sifatida narx-navoning keskin oshishi va uy-joy narxlarining mahalliy aholi daromadiga toʻgʻri kelmasligi koʻrsatilmoqda. Parijda oddiy uy ijarasi oyiga ikki ming yevro atrofida baholanmoqda, biroq oddiy fuqarolar uchun bunday daromad topish imkoniyati cheklangan. Bozor iqtisodiyoti qoidalariga koʻra, boy xorijiy investorlar va sayyohlar koʻchmas mulk bozorini egallab olgani sababli, mahalliy aholi oʻz shahrida yashash imkoniyatidan mahrum boʻlib bormoqda.
Mazkur holat nafaqat Fransiyada, balki Yevropaning boshqa rivojlangan davlatlarida ham kuzatilayotgan umumiy tendensiyaga aylangan. Xorijiy kapitalning koʻchmas mulk sektoriga oqib kelishi uylar narxini sunʼiy ravishda oshirib yubormoqda. Evropa rejimining bu kabi iqtisodiy muammolarga qarshi samarali choralar koʻra olmayotgani esa hukmron partiyalarning obroʻsiga putur yetkazib, aholining siyosiy tizimga boʻlgan ishonchini keskin kamaytirmoqda.
Source: kun.uz