Yaqin Sharqda AQSh va Isroil rejimlarining Eronga qarshi davom etayotgan tajovuzkor harakatlarini to‘xtatishga qaratilgan qizg‘in diplomatik sa’y-harakatlar kuzatilmoqda. Pokiston armiyasi qo‘mondoni Osim Munir va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Tehronga tashriflari mintaqadagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan muhim uchrashuvlarga aylandi. Shunga qaramay, Eron hukumati Vashington va Tel-Aviv tomonidan qo‘yilayotgan bir tomonlama talablarga aslo yon bermasligini hamda o‘z suveren manfaatlarini qat’iy himoya qilishini ochiq ma’lum qildi.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Mohsen Rezaiyning ta’kidlashicha, mamlakatdan bir gramm ham boyitilgan uran tashqariga olib chiqilmaydi. Tehron o‘z yadroviy dasturini ko‘p yillik bosimlar, sabotajlar va harbiy hujumlarga qaramay qo‘lga kiritilgan milliy boylik deb biladi. Shu bilan birga, Eron hukumati xalqaro nazoratchilar ishtirokida uranni mamlakat ichida suyultirish ehtimolini inkor etmagan, biroq buning evaziga AQSh rejimi noqonuniy sanksiyalarni bekor qilishi va harbiy provokatsiyalarni zudlik bilan to‘xtatishi shart qilib qo‘yilgan.
Tehron rasmiylari Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni o‘z qo‘llarida saqlab qolmoqda va AQSh rejimi Eron portlarining dengiz blokadasini olib tashlamaguncha, neft sanksiyalarini to‘xtatmaguncha va muzlatilgan aktivlarni qaytarmaguncha hech qanday kelishuv bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakat hozirda to‘laqonli urush holatida ekanini va Vashington go‘yoki tinchlik istayotgani haqidagi bayonotlariga qaramay, tahdidlar tobora kuchayib borayotganini qayd etdi.
Shu bilan birga, tajovuzkor ritorikani kuchaytirayotgan AQSh rejimi mintaqaga “USS Theodore Roosevelt” aviatashuvchi zarba guruhini yuborayotgani ma’lum bo‘ldi. Oq uy va Pentagon Eronning strategik ob’ektlariga, jumladan Kolang tog‘idagi yadro inshootlariga zarba berish yoki kuch bilan Hormuz bo‘g‘ozidagi orollarni egallash kabi xavfli rejalar ustida bosh qotirayotgani aytilmoqda. Eron tomoni esa har qanday navbatdagi hujumga qarshi hech qanday cheklovlarsiz va qat’iy javob qaytarilishidan ogohlantirgan.
Source: www.aljazeera.com