Salvador hukumati Gaitida jinoiy guruhlar tomonidan garovga olingan to'rt nafar harbiy xizmatchisini ozod qilish maqsadida maxsus harbiy operatsiya boshlanganini ma'lum qildi. Ushbu bayonotni mamlakat yetakchisi Nayib Bukele ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e'lon qildi, biroq amaliyot tafsilotlari bo'yicha boshqa qo'shimcha ma'lumot keltirmadi.
O'zining jinoiy guruhlarga qarshi shafqatsiz kurashi bilan tanilgan Salvador yetakchisi agar harbiy xizmatchilar sog'-salomat ozod qilinmasa, yanada keskin javob choralari ko'rilishi haqida ogohlantirdi. U o'z bayonotida ushbu jinoyatga aloqador ekanligi taxmin qilinayotgan guruhlarga murojaat qilib, ularni quruq tahdidlarga e'tibor bermaslikka chaqirdi va Salvador o'z hududidagi jinoyatchilikni to'liq yo'q qilganini, ularning ham ildiziga yetishi mumkinligini iddao qildi.
Ma'lumotlarga ko'ra, voqea Karib dengizi havzasidagi inqirozli davlatda xalqaro tinchlikparvar kuchlar faoliyat boshlaganidan beri yuzaga kelgan ilk yirik hujum paytida sodir bo'lgan. Gaiti poytaxti Port-o-Prens shahridagi Krua-de-Buke tumanida jinoyatchilar harbiylar ketayotgan zirhli texnikaga o'q uzgan, shundan so'ng BMT ko'magidagi kuchlarning aviatsiya texniklari bo'lgan to'rt nafar salvadorlik asirlikda qolgani aytilmoqda.
Gaiti rasmiylari ushbu holat bo'yicha bayonot berib, asirga olingan harbiylarni ozod qilish mutlaqo ustuvor vazifa ekanini ta'kidladi, biroq xodimitlarning tirik yoki tirik emasligi haqida aniq ma'lumotlar mavjud emas. Mamlakatda so'nggi yillarda yuzaga kelgan chuqur ijtimoiy-siyosiy inqiroz va poytaxtning katta qismi jinoiy guruhlar nazorati ostida qolayotgani xalqaro hamjamiyatda jiddiy xavotir uyg'otmoqda.
Source: www.aljazeera.com