Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida yuz bergan favqulodda holat jamiyatda infratuzilma obyektlarining sifati boʻyicha jiddiy xavotirlarni keltirib chiqardi. Qizilqiyoq mahallasida yangi oʻrnatilgan beton simyogʻoch oʻrnatilganidan atigi bir kun oʻtib oʻz-oʻzidan sinib ketgan va natijada ogʻir tan jarohati olgan mahalliy aholi vakili nogironga aylangan.
Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 4-sentabr kuni xususiy firma va tuman elektr tarmoqlari korxonasi («elektroset») xodimlari tomonidan fuqaro Mirzomamat Sohibnazarovning xonadoni darvozasi yoniga beton ustun oʻrnatilgan. Biroq oradan bir kun oʻtib, 5-sentabr kuni mazkur tayanch ustun pastki qismidan sinib tushgan va koʻchaga chiqqan 61 yoshli erkakning oyogʻini bosib qolgan.
Jabrlanuvchining oʻgʻli Rofidjon Avazmamatovning soʻzlariga koʻra, otasi zudlik bilan Soʻx tumani markaziy shifoxonasiga olib borilgan, soʻngra Fargʻona shahridagi shifoxonaga yoʻnaltirilgan. Shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramasdan, jiddiy ezilish jarohatini olgan bemorning oʻng oyogʻini tizzasidan kesib tashlashga toʻgʻri kelgan. Qariyb uch oydan beri uy sharoitida davolanayotgan oilaning bildirishicha, masʼul tashkilotlar biror marta ham ularning holidan xabar olmagan.
Aniqlanishicha, mazkur sifatsiz beton ustun «Solihaxon Saidaxon» xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlib, uni oʻrnatish ishlari Davlatjon Bobomansurov rahbarligidagi «Soʻx trans dunyo jahon» qoʻshma korxonasi tomonidan amalga oshirilgan. Soʻx tuman elektr taʼminoti korxonasi rahbari Sherzod Rahimov tayanch ustun xususiy korxona tomonidan tayyorlanib oʻrnatilganini tasdiqlagan.
Taʼkidlash joizki, bu Soʻx tumanida beton ustunlarning qulashi bilan bogʻliq yagona holat emas. Hududda ilgari ham shunday koʻngilsiz voqealar kuzatilgani qurilish materiallari va beton qorishmalarining sifati, shuningdek, masʼul idoralarning nazorati yetarli darajada emasligidan dalolat beradi.
Source: kun.uz