Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga bag‘ishlangan muhim yig‘ilishni o‘tkazmoqda. Davlat rahbari o‘z nutqida hududdagi eng og‘riqli masalalardan biri bo‘lib qolayotgan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosiga alohida e’tibor qaratdi.

Mazkur dolzarb vazifani hal etish maqsadida prezident ikki oy muddat ichida 1 trillion so‘m mablag‘ evaziga 747 kilometrlik suv quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlari hamda 43 ta infratuzilma obyektlari qurilishini yakunlash bo‘yicha qat’iy topshiriq berdi. Ushbu ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida viloyatning 200 mingdan ortiq nafar aholisi ilk bor kafolatlangan toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, Hissarak suv omboridan Qarshi shahrigacha, shuningdek, Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlariga suv quvurlarini tortish loyihasini amalga oshirish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu ishlar hududdagi suv ta’minoti tanqisligini qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Yig‘ilish davomida qo‘shimcha ravishda 210 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni jalb etish va loyihaning sifatli bajarilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Mazkur tashabbus tufayli yana 350 ming nafar qashqadaryolik toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak va Qarshi tumanlarining 700 mingdan ortiq aholisining suv ta’minotini tubdan yaxshilashga qaratilgan Talimarjon — Muborak suv quvuri tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi ham boshlanmoqda. Mutasaddilarga ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy asosnomasini 1-aprelga qadar to‘liq yakunlash hamda uning amalga oshirilishi uchun 150 million dollar mablag‘ jalb etish vazifasi yuklatildi.

Source: uznews.uz