AQSh va Isroil rasmiylari Eron hududiga qarshi qisqa, ammo keskin harbiy amaliyot o'tkazish rejalarini ishlab chiqqani xabar qilinmoqda. G'arb ommaviy axborot vositalarining ta'kidlashicha, ushbu harakatlar mamlakatdagi yadroviy obyektlar, energetika infratuzilmasi hamda raketa va dronlar zaxiralarini nishonga olishi mumkin. Ma'lum qilinishicha, AQShdagi oraliq saylovlar va Isroildagi siyosiy jarayonlar mazkur mojaroga o'ziga xos siyosiy tus bermoqda.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, AQSh rejimi rahbariyati saylovlardan so'ng Eronni yanada qattiqroq o'qqa tutish ehtimolini ko'rib chiqmoqda. Ayni paytda Arab dengizida AQShning ikkita aviatashuvchi zarba guruhi joylashtirilgan bo'lib, uchinchi guruhning ham kelishi kutilmoqda. Vashington go'yo Eronni diplomatik yon berishga majburlash va uning neft eksportiga qarshi dengiz blokadasini davom ettirish niyatida ekanini da'vo qilmoqda.
O'z navbatida, Eron rasmiylari mamlakatdagi hukumat barqarorligini saqlab qolish va mintaqadagi Amerika bazalariga javob qaytarish choralarini ko'rmoqda. Tehron o'z navbatida qo'shni davlatlarni ogohlantirib, agar ular AQSh yoki Isroil operatsiyalarini qo'llab-quvvatlasa, hal qiluvchi zarbalarga duch kelishini ma'lum qildi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbas Araqchi agar Vashington diplomatiya o'rniga urushni tanlasa, bu ulkan strategik muvaffaqiyatsizlikka olib kelishini ta'kidladi.
Mahalliy aholi esa og'ir iqtisodiy sharoit va yangi to'qnashuvlar xavfidan qattiq xavotirda. Ko'pchilikning fikricha, urushning qayta boshlanishi mamlakat ichidagi ijtimoiy tanglikni yanada kuchaytirib, internetni cheklash va qo'shimcha xavfsizlik choralarini ko'rishga olib keladi. Ikki tomonlama muzokaralar esa hozircha yadroviy dastur va neft eksporti masalasidagi kelishmovchiliklar tufayli boshi berk ko'chaga kirib qolgan.
Source: www.dw.com