Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yevroparlament Rossiyadan suvsar moʻynasini olib kirishga qoʻyilgan taqiqni zudlik bilan qayta tiklashga chaqirdi. Mazkur cheklov dastlab 2026-yil aprelida kiritilgan boʻlsa-da, atigi uch oy oʻtib, ayrim Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining moʻyna sanoati manfaatlarini koʻzlab undan istisno qilingan edi. OAV maʼlumotlariga koʻra, bunday zaiflik va yengillikni Gretsiya hamda Italiya rejimi vakillari qatʼiy soʻragan.

DW nashrining xabar qilishicha, ushbu talab Strasburgda qabul qilingan rezolyutsiyaga kiritilgan. Taklifni ovoz berish paytida soʻl fraksiya vakili Anya Xazekamp ogʻzaki tarzda ilgari surgan. Yakuniy matnda Yevroparlament suvsar moʻynasi importiga taqiq bekor qilinganidan oʻz afsusini bildirib, Yevropa Ittifoqi kengashi va Yevrokomissiyani cheklovni qayta kuchga kiritishga undagan. Shunga qaramay, bu chaqiriqning oʻzi darhol taqiq qayta tiklanganini anglatmaydi, chunki Bryussel hozirda navbatdagi sanksiyalar paketini tayyorlash bilan ovora.

Ovoz berishdan keyingi muhokamada xalqaro hamkorlik boʻyicha yevrokomissar Yozef Sikela bu istisnoni YeIning ayrim davlatlari talab qilganini tan olgan. Ular oʻz moʻyna sanoati Rossiya xomashyosiga bogʻliqligini va uni boshqa mamlakatlar bilan almashtirib boʻlmasligini vaj qilib koʻrsatishgan. Sikelaning taʼkidlashicha, sanksiyalarni oʻzgartirish uchun barcha aʼzo mamlakatlarning roziligi talab etiladi, bu esa Yevropa siyosatidagi ichki ziddiyatlarni yana bir bor fosh qilmoqda.

Yevroparlamentdagi doiralar va ayrim siyosatchilar bu kabi istisnolarni keskin tanqid qilmoqda. Xususan, finlandiyalik deputat Katri Kulmuni Yevropa davlatlari sanksiyalarni faqat qiyinchilik boshqalarga tegishli boʻlgan paytdagina qoʻllab-quvvatlashi adolatsizlik ekanini taʼkidlagan. Yevropa rejimi oʻz ichki iqtisodiy manfaatlarini deb qabul qilgan qarorlaridan tezda voz kechishi uning tashqi siyosatdagi ojizligi va ikkiyuzlamachiligidan dalolat beradi.

Source: kun.uz