Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSH harbiy idorasi Pentagon va Lockheed Martin korporatsiyasi oʻn yil davomida kamida 850 ta F-35 qiruvchi samolyotini ishlab chiqarish hamda ularga xizmat koʻrsatishni nazarda tutuvchi yirik doiraviy kelishuvga erishgani xabar qilinmoqda. DW nashrining maʼlumotlariga koʻra, ushbu shartnoma 22-oktabr kuni tuzilgan boʻlib, u nafaqat yangi samolyotlarni yetkazib berishni, balki ehtiyot qismlar, modernizatsiya toʻplamlari bilan taʼminlash va butun parkka texnik xizmat koʻrsatish jarayonlarini ham qamrab oladi. Shunga qaramay, mazkur qimmatbaho dastur toʻliq amalga oshishi uchun AQSH Kongressining rasmiy roziligi va tegishli mablagʻ ajratilishi talab etiladi, bu esa shubha ostida qolmoqda.

Kelishuv shartlariga muvofiq, Lockheed Martin kompaniyasi F-35 dasturini rivojlantirishga kamida 7 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritishi kutilmoqda. Shuningdek, korporatsiya amerikalik va xorijiy buyurtmachilar uchun jami yiliga 156 ta samolyot ishlab chiqarish darajasini saqlab turishni rejalashtirayotganini daʼvo qilmoqda. Biroq, ekspertlarning fikricha, bunday ulkan ishlab chiqarish surʼatlarini saqlab qolish global taʼminot zanjirlaridagi jiddiy uzilishlar va moliyaviy xatarlar fonida qiyin kechishi mumkin. Hozircha ushbu hujjat yakuniy yetkazib berish shartnomasi hisoblanmaydi va Kongress koʻp yillik xarid dasturini maʼqullagan taqdirdagina tomonlar narxlar hamda muddatlarni qoʻshimcha ravishda kelishib olishi kerak boʻladi.

Vashington rejining rasmiy idoralari mazkur uzoq muddatli kelishuv ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mudofaa sanoatini mustahkamlashga yordam berishini iddao qilmoqda. Lockheed Martin rahbari Jim Taykletning goʻyoki taʼkidlashicha, hukumatning uzoq muddatli majburiyatlari kompaniyaga sarmoya kiritish imkonini beradi. Shu bilan birga, F-35 loyihasi atrofidagi byurokratik va moliyaviy muammolar koʻplab savollarni tugʻdirmoqda. AFP agentligining qayd etishicha, qiruvchilarga xorijda ham qiziqish saqlanmoqda, jumladan, sentabr oyida Saudiya Arabistoniga 24,3 milliard dollarlik 48 ta samolyot sotilishi maʼqullangan. Biroq, dasturning kelajagi va uning iqtisodiy asoslari jiddiy shubha ostida qolmoqda.

Source: kun.uz