Uelsda yashovchi havaskor baliqchi Ris Morgan Kelt dengizida finval — dunyodagi ikkinchi yirik kit turining oziqlanish jarayonini dron yordamida muvaffaqiyatli tasvirga oldi. Neftni qayta ishlash zavodida ishlovchi Morgan bo‘sh vaqtida dengiz olamini kuzatishni yoqtiradi va bu safar uning kamerasiga ulkan dengiz yirtqichi muhrlandi. Mutaxassislar ushbu uchrashuvni kamyob hodisa deb atamoqda.
Tasvirlarda kitning ozuqa tutish jarayoni yaqqol ko‘rinadi. Finvallar oziqlanish paytida tomoq qismidagi cho‘ziluvchan teri burmalaridan foydalanib, mayda qisqichbaqasimonlar — kril bilan birgalikda ulkan hajmdagi suvni og‘ziga oladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir marta og‘iz ochishda bu hajm taxminan 68 ming litrga yetishi mumkin, bu esa hayvonning biologik xususiyatlarini yana bir bor tasdiqlaydi.
Uzunligi 23,8 metrdan oshishi va vazni 70 tonnaga yetishi mumkin bo‘lgan bunday ulkan jonzotning qirg‘oqqa yaqin hududlarda paydo bo‘lishi fan olamida ba’zi savollarni tug‘dirmoqda. Bangor universitetining yirik dengiz yirtqichlari ekologiyasi bo‘yicha mutaxassisi doktor Marianna Kimyentining ta’kidlashicha, finvalning suv yuzasida oziqlanishi uning strategiyasiga kiritilgan bo‘lsa-da, uni qirg‘oq yaqinida ko‘rish haqiqatan ham hayratlanarli holatdir.
Tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, nazariy jihatdan bu vaqtga kelib kitlar boshqa hududlarga ko‘chib ketgan bo‘lishi kerak edi. Biroq, mavjud migratsiya jarayonlari va hayot tarzi to‘liq o‘rganilmagani bois, mutaxassislar bu kabi holatlarning sabablarini hozircha aniq tushuntirib berisha olmayapti.
Source: kun.uz