Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Zangiota hamda Toshkent tumanlari o'rtasida transport aloqasini yaxshilash maqsadida uchta yangi avtobus yo'nalishini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda poytaxt Transport va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma'lum qildi.

Ushbu yo'nalishlarga xizmat ko'rsatish uchun "Keles Renesans" MChJ tomonidan Xitoyning mashhur "ZHONGTONG" kompaniyasidan 54 ta zamonaviy avtobus xarid qilish bo'yicha shartnoma imzolangan. Boshqarma vakillarining ta'kidlashicha, dastlabki to'lovlar to'liq amalga oshirilgan bo'lib, transport vositalarini 2026-yilning noyabr oyi oxirigacha yetkazib berilishi kutilmoqda.

Yo'lovchilar oqimining tahlilidan kelib chiqqan holda, yangi avtobuslar uchta asosiy yo'nalish bo'ylab taqsimlanishi ko'zda tutilgan. Jumladan, №162-sonli yo'nalish "Qushqundi" mahallasi va "Chorsu" savdo markazi avtostansiyasini, №163-sonli yo'nalish "To'qimachilar" mahallasi hamda "Chorsu" avtostansiyasini, shuningdek, №167-sonli yo'nalish "Toshkent" kolxozi va "Chorsu" avtostansiyasini bog'laydi.

Xususan, №163-sonli yo'nalish "To'qimachilar", "Nazarbek" va "Tarnov" mahallalari hududidan, shuningdek, Shifobaxsh suvlar va Beruniy ko'chalari bo'ylab harakatlanishi belgilangan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu yangi yo'nalishlarning ishga tushirilishi avtobuslarni kutish vaqtini qisqartirishga, amaldagi transport tarmoqlariga tushadigan yuklamani kamaytirishga va shahar atrofi bilan qulay aloqani ta'minlashga yordam beradi.

Source: uznews.uz