"O‘zatom" agentligi va Rossiyaning "Rosatom" korporatsiyasi delegatsiyalari Jizzax viloyatining Forish tumanida yangi avlod atom elektr stansiyasi va maxsus shaharcha qurilish maydoniga qo‘shma ishchi tashrifini amalga oshirdi. Tomonlar integratsiyalashgan loyihani amalga oshirish jarayoni hamda kelgusidagi shahar infratuzilmasini barpo etish masalalarini muhokama qilishdi.
Agentlik matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur shaharcha 200 gektar maydonda ekologik urbanizatsiya tamoyillari asosida qad rostlamoqda. Hozirgi kunda hududda turar-joy binolari va zarur infratuzilma obyektlarini qurish ishlari jadal davom etmoqda, bu esa kelgusida minglab oilalarni munosib uy-joy bilan ta’minlashi kutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, qariyb 33 ming nafar aholi uchun 10 mingga yaqin xonadon barpo etish rejalashtirilgan. Hududda energiya samarador ko‘p qavatli uylar, maktablar, bolalar bog‘chalari, sog‘liqni saqlash, sport va madaniyat obyektlari, shuningdek, dam olish zonalari hamda yashil maydonlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tashrif davomida delegatsiyalar AES qurilish maydonida ham bo‘lib, olib borilayotgan ishlarning holati bilan yaqindan tanishdilar. Mutasaddilar xavfsizlik talablari, sifat nazorati va ekologik standartlarga qat’iy rioya etilishiga alohida e’tibor qaratganliklari ta’kidlandi.
Bundan tashqari, tashqi infratuzilmani rivojlantirish doirasida 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kVli podstansiya, 21 kilometr ichimlik va 120 kilometr texnik suv quvurlari, shuningdek, 39,5 kilometr avtomobil yo‘llari hamda 11 kilometr temir yo‘l qurilishi olib borilmoqda.
Keyinchalik, O‘zbekiston rahbariyati "Rosatom" bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qilib, mamlakatda ilk atom elektr stansiyasini qurish va unga tutash infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgani xabar qilindi.
Source: podrobno.uz