Iordaniyaning Qarak gubernatorligidagi nasroniy cherkovida dafn marosimi paytida noma'lum shaxslar tomonidan uyushtirilgan qonli otishma oqibatida kamida yetti kishi halok bo'ldi va yana o'n kishi turli darajada tan jarohatlari oldi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, xalqaro OAVlar xabar bermoqda.
Hodisa guvohlarining so'zlariga ko'ra, dafn marosimi boshlanishi bilan kuchli portlash ovozi eshitilib, shundan so'ng yuzlariga niqob taqqan qurolli shaxslar cherkov binosiga bostirib kirgan va yig'ilganlarga qarata o't ochgan. Hujum paytida marosimda o'nlab mahalliy aholi ishtirok etayotgani aytilmoqda.
Davlatga qarashli Al-Mamlaka telekanalining ma'lumot qilishicha, voqea joyiga zudlik bilan xavfsizlik kuchlari safarbar etilgan bo'lib, avtomobildan tushib o't ochgan ikki gumonlanuvchini qo'lga olish bo'yicha maxsus amaliyot boshlangan. Guvohlardan biri hujumchilarning birida pistolet, ikkinchisida esa avtomat qurol bo'lganini iddao qilgan.
Hozircha ushbu terakt yoki hujum uchun mas'uliyatni biror-bir guruh o'z zimmasiga olgani yo'q, Iordaniya rasmiylari esa hodisa ortida kimlar turgani haqida aniq ma'lumot berishmagan. Ta'kidlash joizki, bunday zo'ravonlik holatlari barqarorligi bilan ajralib turadigan Iordaniya uchun o'ta kamdan-kam uchraydigan hodisa hisoblanadi.
Source: www.aljazeera.com