AQSh hukumati idoralarining ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda O‘zbekiston fuqarosi shtatlararo yuk tashish jo‘natmalarini o‘g‘irlash bo‘yicha jinoiy til biriktirganlikda gumon qilinib hibsga olingan. Tergov versioniga ko‘ra, ushbu shubhali sxema kamida 24 ta tovar partiyasini qamrab olgan bo‘lib, uning umumiy chakana qiymati 12 million dollardan oshishi taxmin qilinmoqda.
Konnektikut shtati federal okrugi prokuraturasining bayonotiga ko‘ra, gumonlanuvchi Bridjport shahridagi federal sudda ko‘rib chiqilgan va o‘z aybiga iqror bo‘lmagan. U 2026-yilning iyun oyida Kaliforniya shtatining Ontario shahrida hibsga olinganidan buyon qamoqda saqlanmoqda. Rasmiylar mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotganini bildirishmoqda.
Tergov idoralari taxmin qilishicha, 2025-yilning sentabridan boshlab ayblanuvchi va uning sheriklari transport kompaniyalarini sotib olgan yoki ularning nazoratini qo‘lga kiritgan. Ular o‘zgalarning ro‘yxatdan o‘tish ma'lumotlari, korporativ elektron pochtalari hamda egalari haqidagi axborotlardan foydalangan holda, o‘zlarini go‘yoki kompaniyalarning haqiqiy egalari sifatida ko‘rsatishgan va shtatlararo yuk tashish bo‘yicha shartnomalar tuzishgan.
Shundan so‘ng yuk tashuvchi ombor yoki taqsimlash markazidan mahsulotni qabul qilib olgach, yuk belgilangan manzilga yetkazib berilmagan va keyinchalik uning o‘g‘irlangani haqida yolg‘on xabar berilgan. Ayrim holatlarda esa jinoiy guruh a'zolari o‘g‘irlangan mulkni qaytarish evaziga to‘lov talab qilgani aytilmoqda.
Jinoyat materiallariga ko‘ra, o‘g‘irlangan tovarlar qatoriga qattiq disklar, o‘ovoz jihozlari, kiyim-kechaklar, elektronika, kompyuter texnikasi, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa qimmatbaho buyumlar kirgan. Shuningdek, AQShda doimiy yashovchi maqomiga ega bo‘lgan ayblanuvchida Nyu-Jersi shtatining tijorat haydovchilik guvohnomasi bo‘lgani, shuningdek, boshqa nomlarga rasmiylashtirilgan beshta soxta haydovchilik guvohnomasi aniqlangani xabar qilingan.
Source: podrobno.uz